13:11 / 03.10.2021
14731

Xitoy armiyasi Tayvanga bir kun ichida 39ta harbiy samolyot yubordi

2 oktyabrda Xitoy harbiy-havo kuchlari Tayvanning suv hududiga 39ta harbiy samolyotni jo‘natdi. Bu Xitoyning 2 kun ichida Tayvanga ikkinchi marta bunday ko‘p samolyot yuborishidir.

Foto: AP

1 oktyabrda ham Xitoyning 38ta harbiy samolyotidan iborat aviatsiya guruhi Tayvanning suv hududi ustidan uchib o‘tgani ma'lum qilingandi.

Tayvan mudofaa boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, navbatdagi operatsiyada kunduzi 14ta J-16 va 4ta Su-30 qiruvchi hamda 2ta Y-8 razvedka samolyoti, tungi vaqtda esa 12ta J-16, 6 ta Su-30 va bitta radiolokatsion aniqlash va boshqarish samolyoti KJ-500 ishtirok etgan.

Tayvan harbiy-havo kuchlari Xitoy samolyotlari ortidan kuzatuv olib borish uchun 1 oktyabrdagi kabi o‘z aviatsiya va boshqa texnikasini ishga solgan.

Oxirgi vaqtda Pekin Tayvan bo‘g‘ozi hududida borgan sari ko‘proq harbiy xatti-harakatlarni amalga oshirmoqda. Xitoy va AQSh munosabatlaridagi ziddiyatlar kuchaygani ortida Xitoy harbiy samolyotlarining Tayvan suv hududi ustidan parvozlari tez-tez yuz bermoqda.

Tayvan 1949 yildan beri o‘z ma'muriyati tomonidan boshqarib kelinadi. Tinch okeanidagi orol qit'adagi Xitoydan 150 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, undan Tayvan bo‘g‘ozi yordamida ajralgan. Biroq Xitoy Xalq Respublikasi Tayvanni o‘zining provinsiyalaridan biri deb hisoblaydi.

Top