Muzeylar insoniyat tomonidan yaratilgan moddiy madaniyat namunalarini o‘zida jamlab keladi va kelajak avlodlar uchun o‘tmish va madaniyat haqida yetarlicha tasavvur beradi. Lekin shunday soha muzeylari ham borki, ular tabiat in'om etgan go‘zalliklarni o‘zida jamlaydi. Shunday madaniy muassasalardan biri Toshkent shahrida joylashgan Geologiya muzeyidir.

Muzey tarixi va faoliyatining asosiy maqsadi
O‘zbekiston davlat Geologiya muzeyi 1926 yilda tashkil topgan bo‘lib, bugungi kunda 12 ta ko‘rgazma zallariga ega. Ko‘rgazma zallarida Yerning geologik o‘zgarish bosqichlari, geologik davrlar izi qoldiqlari, qadimgi tog‘-kon sanoat qazilmalari, qadimgi jonzotlar, dinozavrlar qoldiqlari, ularning tosh qotgan qadam izlari, toshlarda abadiylikka muhrlanib qolgan boshqa jonzotlar va asosiysi, O‘zbekistonning geologik boyligi va turfa xilligiga guvoh bo‘lish mumkin.

Ta'kidlash joizki, tabiiy axborot tashuvchilar hisoblangan muzey eksponatlari geologik jismlarning tuzilishi va tarkibi to‘g‘risidagi eng asosiy va yagona ma'lumot bo‘lib xizmat qiladi.
Muzeyda mamlakatning geologik xilma-xilligidan so‘zlovchi 50 mingdan ortiq hayratlanarli, chiroyli va qimmatbaho namunalar saqlanadi.
Bu yerdagi minerallar kolleksiyasi qazilma ishlari natijasida yig‘ilgan, bu minerallarda deyarli Mendeleyev jadvalining barcha elementlari mavjud. Minerallar xalq sanoati ishlab chiqarilishining turli xil yo‘nalishlari bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan. Bulardan metallurgiya, kimyoviy sanoat, keramika, meditsina, optika, zargarlik ishlari va yana bir necha yo‘nalishlarda ishlatiladi.

Muzey uchun yangi bino — geologiyaning yangi davri
Geologiya muzeyining ko‘rgazma zallaridagi eksponatlar bizning geologik nuqtayi nazardan jahon miqyosida tanilganimizni ko‘rsatadi, qolaversa, milliy g‘ururimiz, fanimiz, milliy urf-odatimiz, iqtisodimiz, siyosatimiz rivojlanishida katta ahamiyatga ega.

















