Uzun nomlar va ularning qisqartmasi aksariyat hollarda odamlar uçun tuşunarsiz. Bugun ana şunday abbreviaturalar haqida fikr yuritamiz.

Özbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 32 yil böldi. Ötgan yillarda tilimizga bölgan e'tibor qay darajada bölgani hammamizga ayon. Yangi imloning ölda-jölda ekani haqida butun boşli maqolalar bitiş mumkin. Ammo bunga doir yana bir muammo — bu tuşunarsiz va ğaliz qisqartmalardir. Ular şunçalik köpki, endi bunga ham köz yumib bölmaydi.

Ayrim taşkilot va muassasalarning nomlanişini öqib, «şunga sal qisqaroq nom tanlaşsa bölmasmikin?» deb ham öylab qolasan kişi. Ayniqsa, bir qança sözlardan iborat uzun nomlarning boş harflar bilan yozilgan qisqartmasi berilganda ularning nimani anglatişini topa olmay xunob böliş heç gapmas.

Uzoqqa bormaylik, bir paytlar OAVda (OAV — ommaviy axborot vositalari — şu yerda ham qisqartma!) SVOJJDLQKD degan qisqartma tez-tez uçrardi. Bu qisqartma Boş prokuratura huzuridagi qaysidir taşkilotni anglatişini köpçilik bilmasdi. Bilganlar ham uning nomini sözma-söz aytib bera olmasdi. Qolaversa, qisqartmaning özi yodda qolarli emas.

Özim ham yillar ötib, bu qisqartma Boş prokuratura huzuridagi Soliq, valutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallaştirişga qarşi kuraşiş departamenti ekanini bildim. Xayriyatki, 2018 yilga kelib bu organ Iqtisodiy jinoyatlarga qarşi kuraşiş departamenti (bu nom ham juda uzun) deb qayta nomlandi va abbreviaturadagi harflar ham 5tagaça qisqardi.

Yana bir qisqartma bor — RŞTYoIM. Bu qisqartmani ham mos soha vakili tuşunmasa ança-munça professor ham «mağzini çaqib» ololmaydi. Respublika şoşilinç tibbiy yordam ilmiy markazi degan muassasa nomi RŞTYoIM deb qisqartiriladi. Qiziği şundaki, viloyatlarda şunga öxşaş tibbiy muassasalarni alohida qisqaroq nom bilan ataş mumkin bölgan holda, ular RŞTYoIM falon viloyat filiali deb ataladi. Şuni ham jöngina qilib falon viloyat tez tibbiy yordam markazi deb atasa bölmaydimi?

Balki men sohani tuşunmasman va bu muassasa nomiga «ilmiy markaz» sözlarining qöşilişi u yerda kimlarningdir ilmiy iş qilişi bilan boğliqdir. Nega endi viloyatlardagi bölimlarning nomiga respublika filiali degan sözlarni qöşib aytiş kerak? Şunçaki viloyat markazi deyilsa nima özgaradi? Yoki markaz respublika filiali bölsa bemorlarga yaxşiroq e'tibor bilan qaraladi-yu, viloyat tez tibbiy yordam markazi deb nomlansa poytaxtdagi tibbiyot uçun pul ajratadigan taşkilotlar e'tiboridan çetda qoladimi?

Köpçilik uçun tuşunarsiz bölgan yana bir qisqartma — IIOFMBning paydo bölganiga unça köp bölmadi. Bu içki işlar vazirligi va uning hududiy boşqarmalaridan birining qisqartma nomi. Içki işlar organlari faoliyatini muvofiqlaştiriş bölimi — şuni ham jöngina qilib Içki işlar boşqarmasi deb atardik-ku! Unga «organlari faoliyatini muvofiqlaştiriş» degan sözlarni qöşiş nega kerak böldi?

Içki işlar vazirligi tizimida birgina IIOFMB emas, balki boşqa qisqartmalar ham bor. Ulardan biri DYHXX (viloyatlarda va tumanlarda YHXB). Bu qisqartma IIV tarkibidagi Davlat yöl harakati xavfsizligi xizmati (viloyatlarda va tumanlarda Yöl harakati xavfsizligi boşqarmasi va bölimi) nomining qisqartmasi. Bilasizmi, yon qöşnimiz Qozoğistonda şu organ nomi nima deyiladi? Rusçasi «Dorojnaya politsiya», qozoqçasi «Jöl polis». Biz nega şunday jön nomlar bilan atay olmaymiz?

Qolaversa, odamlar DYHXXni baribir sovetlar davridan qolgan eski nomi «GAI» deydi. Sababi ma'lum, odamlarga ham aytilişi qulay bölgan nomlar kerak.

Şu örinda bir mulohaza: bir paytlar sobiq ittifoq davrida militsiya atamasidan foydalanilardi. Dunyoning boşqa aksar mamlakatlarida politsiya atamasini işlatardi. SSSR tarqagaç, qariyb barça sobiq respublikalar militsiyadan voz keçib, içki işlar organlarining nomini rasman politsiya deb qayta nomladi.

Biz esa militsiyadan voz keçdik, ammo politsiyani ham rasmiy ravişda qabul qilmay, içki işlar organlari deb atab olib, bugun ança tuşunarsiz qisqartmalar bilan yuribmiz. (Hozirça turizm politsiyasi va ekopolitsiya taşkil etildi, balki keyinçalik butun tizim politsiya deb atalar — Ğ.Y.)

Içki işlar vazirligi tarkibida bölgan taşkilotlardan yana biri bu — MvaFRB. Migratsiya va fuqarolikni rasmiylaştiriş boşqarmasining nomi şunday tarzda qisqartiriladi. Viloyatlarda bu nom «falon tuman Içki işlar boşqarmasi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylaştiriş boşqarmasi (yoki bölimi) deb ataladi. Bu ham ança uzun nom.

Hozir uşbu maqola yozilişi arafasida ilk marta FJŞMQMI degan qisqartmaga közim tuşib qoldi. Bu Fuqarolik jamiyati şakllanişini monitoring qiliş mustaqil instituti degan nomning qisqartmasi ekan. Qayerdan topişadi bunaqa ajabtovur nomlarni?! Şuni Fuqarolik jamiyatini şakllantiriş instituti deyilsa taşkilotning funksiyalari kamayib qoladimi?

Yoş avlodning savodli va bilimli bölişiga mas'ul bölgan Xalq ta'limi vazirligida ham uzundan uzun nomlar juda köp. Birgina misol, bugun tuman (şahar) Xalq ta'limi bölimi deb ataladigan taşkilotlar 2019 yil 30 sentyabrgaça Xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlaş va taşkil etiş tuman (şahar) bölimi — XTMFMTVTETB deb atalgan. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi 822-son qarori bilan uzundan uzun nom jönlaştirilib, tuman (şahar) xalq ta'limi bölimi, deb qayta nomlangan.

Ammo xalq ta'limi vazirligi tarkibidagi taşkilotlarda uzun nomlar hanuz saqlanib qolyapti:

  • Avloniy nomidagi Xalq ta'limi muammolarini örganiş va istiqbollarini belgilaş ilmiy-tadqiqot instituti — ANXTMÖVIBITI;
  • Öquvçilarni kasb-hunarga yönaltiriş va psixologik-pedagogik respublika taşxis markazi — ÖKHYVPPRTM;
  • Xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlaş va malakasini oşiriş hududiy markazlari — XTXQTVMOHM va hokazo.

Nazarimda, nom qöyiş borasida eng ajabtovur işni Maktabgaça ta'lim vazirligi qildi. Garçi bor-yöği uçta sözdan iborat bölsa ham, oddiygina boğça sözini maktabgaça ta'lim taşkiloti deb qayta nomlaşni nima deb ataş mumkin. Odamlar baribir bir neça sözdan iborat uzun nomni aytmaydi. Boğça deyaveradi. Deyapti ham! Şunday ekan, nega hammasini murakkablaştiriş kerak?

Yuqorida keltirilgan misollar — bu közimiz tuşgani. Duç kelmaganlari qança ekan?! Ularning uzun nomlarini qisqaroq va tuşunarliroq nomlarga almaştiriş qiyin iş emas. Bunga SVOJJDLQKD va XTMFMTVTETB yaxşi misol böla oladi.

Şu ikkala taşkilotning nomi özgartirilganda osmon uzilib yerga tuşmadi. Aksinça, nomlarning qisqartirilgani barçaga birday qulay böldi.

Amalda bölgan boşqa uzun nomlanişlarni ham özgartirişsa heç narsa bölmaydi. Şunday ekan, bugun turli taşkilot va muassasalar foydalanib kelayotgan uzun nomlarni qisqartirişni, ularni talaffuzga qulay qilib moslaşni öylab körişimiz kerak emasmi? Siz nima deysiz?

Ğayrat Yöldoş