AQShning Pensilvaniya shtati Filadelfiya shahrida bugun koʻplab afgʻonistonlik oʻzbeklar istiqomat qiladi. Ularning aksariyati ilgari Oʻzbekistonda boʻlmagan, lekin millati oʻzbek boʻlgan insonlar. Afgʻon oʻzbeklari anchagina faol, Oʻzbekiston bayramlarini keng nishonlab kelishadi, ayniqsa til bayramini.

Bu yil ham Filadelfiya shahridagi til bayramiga bagʻishlangan tadbirda oʻnlab insonlar yigʻilgan.
Kun.uz’ning AQShdagi muxbirining xabar berishicha, Indiana universitetining professori Nazif Shahroniy Afgʻoniston turklari, xususan oʻzbek va turkman xalqlarining tarixi haqida tadbirda maʼruza qilgan. U oʻzbek tilini asrab-avaylashning ahamiyati, tilning tarixiy-madaniy oʻzlikni saqlashdagi oʻrni haqida fikr bildirgan.

Afgʻonistonning taniqli sanʼatkori Farhod Daryo esa badiiy qismda oʻzbekcha qoʻshiqlar kuylab berdi. U sanʼat va musiqaning insonlarni birlashtirishdagi oʻrni, til va madaniy xilma-xillikka hurmat bilan munosabatda boʻlish hamda ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlash kerakligini gapirdi.

Ona tili bayramida yosh bolalardan tortib, ayollargacha sheʼr va gʻazallar aytishdi.
Shuningdek, Farhod Daryo, Xayr Muhammad Chovush, Said Kabir Kamol kabi sanʼatkorlar oʻzbekcha kuyladi. Tadbir doirasida oʻzbek milliy taomlari, anʼanaviy kiyimlar koʻrgazmasi ham tashkil etildi.

Dastur yakunida milliy taomlar tortiq qilingan, oʻzbek tilida samimiy suhbat va muloqot qilindi.
Umuman olganda, afgʻon oʻzbeklari ona tili bayramini AQShda keng nishonlash bilan bu millatga va uning tiliga boʻlgan yuksak hurmatlarini izhor etishmoqda.
















