Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr – Oʻzbek tili kunida lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosidagi toʻrtta harfni oʻzgartirish haqidagi qonunni imzoladi.

Qonun quyidagi oʻzgarishlarni nazarda tutadi:

  • O‘ o‘ → Ö ö

  • G‘ g‘ → Ğ ğ

  • Sh sh → Ş ş

  • Ch ch → Ç ç

  • ng harfi mustaqil harf sifatida alifbodan chiqariladi.

Tutuq belgisi alifboda saqlanib qoldi.

Saida Mirziyoyeva 2023-yil dekabr oyida, jadidlar merosiga bagʻishlangan konferensiyada alifbo masalasiga uzil-kesil nuqta qoʻyishga chaqirgan edi.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bu oʻzgarishni quyidagicha izohladi:

“Nihoyat, uzoq yillik tarixiy xato tuzatildi. Bugun Prezidentimiz lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni imzoladilar.

Bu yillar davomida bahslarga sabab boʻlayotgan va oxiri koʻrinmayotgan masala edi. 2023-yil 11-dekabrda jadidlar merosiga bagʻishlangan konferensiyadagi nutqimda alifboni tuzatish tashabbusini ilgari surgan holda, mazkur bahslarga nuqta qoʻyish vaqti kelganini aytgan edim.

Albatta, oʻzgarishlar oson kechmaydi, kimlardadir eʼtiroz yoki xavotir uygʻotishi ham tabiiy. Lekin, ishoning, yozuvimizdagi noqulayliklarga barham berish va tilimizning raqamli makondagi oʻrnini mustahkamlash uchun boshqa yoʻl yoʻq edi.

Endi hamma hujjatlar yangidan qilinadimi? Yoʻq, aslo! Biz xarajatlarni eng minimal darajaga tushirish yoʻlini tanladik: amaldagi barcha hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qogʻozlar oʻz kuchida qoladi, darslik, peshlavha va koʻrsatkichlar esa yaroqlilik muddati tugagach, bosqichma-bosqich almashtiriladi.