08:04 / 01.12.2021
4073

3 yilda yo‘llar qurish va ularni ta'mirlash uchun qariyb 20 trln so‘m ajratilgan

O‘zbekiston hududida 2018-2021 yillar davomida jami 19,8 trln so‘m mablag‘lar hisobiga 45,3 ming kmdan ortiq umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari va xo‘jaliklararo ichki yo‘llarda qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va saqlash ishlari olib borildi.

Foto: Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish boshqarmasi

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, A-380 «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu» avtomobil yo‘lining 125 km qismi rekonstruksiya qilindi, A-373 «M-39 avtoyo‘li-Guliston-Bo‘ka-Angren-Qo‘qon va Andijon orqali-O‘sh» avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tgan 58 km qismi sementbeton qoplama qurgan holda rekonstruksiya qilindi.

Shuningdek, M-39 «Olmaota-Bishkek-Toshkent-Termiz» avtomobil yo‘lining 115 km qismi asfaltbeton qoplama qurgan holda rekonstruksiya qilindi, A-373 «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘lining 208-274 km qismini aylanib o‘tishda Sirdaryo daryosi ustiga 250 pm uzunlikdagi ko‘prik qurildi, Toshkent viloyatining Qibray va Yuqori Chirchiq tumanlaridan o‘tuvchi 19,2 km uzunlikdagi yangi yo‘nalishdagi avtomobil yo‘li qurildi.

Sohaga xalqaro moliya institutlari, jumladan Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi va Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi hamda Islom taraqqiyot banki mablag‘lari respublikaning xalqaro koridorlarini rekonstruksiya qilishga faol jalb etilib, 2018-2021 yillar davomida 339,7 mln dollar mablag‘ o‘zlashtirilib, 497 km uzunlikdagi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari sementbeton qoplama bilan rekonstruksiya qilindi.

Top