O‘zbekiston | 15:20 / 10.02.2022
44681
7 daqiqa o‘qiladi

«Bu – informatsion bosim». Siyosiy tahlilchilar Lukashenkoning O‘zbekiston bo‘yicha oxirgi gaplari haqida

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko va rossiyalik jurnalist Vladimir Solovyov o‘rtasidagi suhbatda Lukashenkoning Ittifoq davlati kengayishi haqida aytgan so‘zlari o‘zbekistonliklarda norozilik uyg‘otib, bu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

7 fevral kuni e’lon qilingan ushbu intervyuda Lukashenko 1999 yilda Rossiya va Belarus ishtirokida tuzilgan Ittifoq davlati sobiq sovet respublikalari hisobiga kengayishi mumkinligini aytgan.

«Belarus allaqachon shu yerda [Ittifoq davlati tarkibida]. Menimcha, Qozog‘iston uchun yaxshi dars bo‘ldi. Agar kelgusi 15 yilda deb oladigan bo‘lsak, ishonchim komil, agar biz xatoga yo‘l qo‘ymasak, Ukraina ham shu yerda bo‘ladi», – degan Lukashenko.

U Armaniston «hech qayerga bora olmasligi» sabab Ittifoq davlatiga qo‘shilishini taxmin qiladi. Shuningdek, Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikistonga ham iqtisodiy zarurat tufayli ittifoqqa qo‘shilishini taxmin qiladi.

Kun.uz bu borada o‘zbekistonlik siyosiy tahlilchilar Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimovning fikrlari bilan qiziqdi.

Lukashenkoning keskin bayonoti O‘zbekiston uchun nimani bildiradi? 

Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov

Kamoliddin Rabbimov:

— Lukashenkoning bu fikrlari o‘z-o‘zidan yoki yengil-yelpi aytilgan gaplar emas. U salkam 29 yildan buyon Belarus hokimiyatida o‘tirgan tajribali siyosatchi.

Agar Lukashenkoning aytganlarini Rossiya hukumati propagandachilaridan biri, jurnalist Vladimir Solovyov yoki rasmiy Kreml tomonidan yashirilish niyati bo‘lganda, Markaziy Osiyo davlatlarini qo‘rqitmaslik uchun ham intervyuning o‘sha qismi qirqib tashlashgan bo‘lardi.

Bir tomondan bu loyiha Putin va Kreml bilan chuqur kelishilgan hamda Belarusda shu dunyoqarash mustahkam shakllangan.

Ularda kuch ishlatish, bosim qilish va gibrid siyosiy texnologiyalar orqali o‘z loyihalarini tuzishda ikkilanish yo‘q. Loyihalar, strategiya juda aniq.

Qolaversa, bu – Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan informatsion bosim. Ya’ni ular bu orqali rasmiy Toshkentga suverenitet va rasmiy davlatchiligingizning mustaqillik ramzlariga tegmaymiz, ammo tashqi siyosatda bizga bo‘ysunishga to‘la tayyor turishlaring kerak, degan signalni bermoqda.

Siyosatshunos Farhod Tolipov

Farhod Tolipov:

— Lukashenkoning gaplari – suveren davlatlarga nisbatan hurmatsizlik. Xususan, uning Armaniston to‘g‘risidagi fikrlarini olaylik. Bu borada u o‘ta qo‘pol va qaltis fikr bildirdiki, Armaniston Rossiyaga umuman tobe bo‘lib qoldi, Rossiyasiz yasholmaydi, degandek.

Belarus prezidenti bu fikrlarini sal yumshatgan holda O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Qozog‘istonga nisbatan ham bildirdi.

O‘z mamlakati haqida gapirganda esa biz bu masalani hal qilib bo‘ldik, biz allaqachon Rossiya bilan birlashib bo‘ldik, dedi.

Bu – Lukashenko tomonidan qilingan juda katta xato. Shuningdek, siyosiy arbobga noloyiq gaplar.

Rasmiy Toshkent vaqt o‘tgan sari tez-tez yangrayotgan bu kabi qo‘pol bayonotlar, mustaqil davlatning ichki ishlariga aralashuvlarga javoban qanday yo‘l tutishi kerak?

Kamoliddin Rabbimov:

— Bu – juda katta savol. O‘zbekiston hukumatining ichki va tashqi siyosatda qiladigan ishlari bor.

Davlatlar uchun legitimlik uni mustahkamlovchi eng asosiy unsur hisoblanadi. Ya’ni davlat, hokimiyat va jamiyat o‘rtasidagi ishonch darajasi juda muhim. Buni Qozog‘iston va Belarus misolida ko‘rdik.

Biz possovet davlatlarining ichida har safar ijtimoiy zo‘riqish yoki inqirozlar paydo bo‘ladigan bo‘lsa, bundan Moskva o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib qolayotganini ko‘rmoqdamiz. Ya’ni bunda davlatlarning geosiyosiy mustaqilligi yoki pasaymoqda yoki butunlay yo‘qotilmoqda.

Ammo jamiyat bunday muammolarni har doim anglay olmasligi mumkin. Shuning uchun, tashabbuslar davlatning markazlashgan, ongli siyosatida o‘z aksini topishi kerak. Davlatning legitimligi shu orqali parvarishlanadi.

O‘zbekistonda ijtimoiy, iqtisodiy va ayniqsa, ma’muriy–siyosiy islohotlar kuchayishi kerak. Shuningdek, jamiyatning davlat atrofidagi jipsligini ta’minlash siyosiy vazifa sifatida yuqori darajaga ko‘tarilishi kerak.

O‘zbekiston shu paytgacha o‘z tashqi siyosatida ko‘p vektorli va teng manfaatli yo‘nalishdan boryapti. Endilikda ham mana shu siyosatni davom ettirgan holda tashqi dunyo va ayniqsa, geosiyosiy va tashqi siyosiy hamkorlar – Yevropa Ittifoqi, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya va boshqa davlatlarga Markaziy Osiyo uchun geosiyosiy mustaqillik juda muhim ekani borasida mujdalar yuborilishi kerak.

Farhod Tolipov:

— O‘zbekiston mustaqillik g‘oyasini yuqori ko‘targan holda o‘z yo‘lida davom etishi kerak. Qandaydir yirik davlatlar manfaatiga og‘ish – milliy manfaatlarimizga to‘g‘ri kelmaydi. Qolaversa, bozor iqtisodiyoti mafkurasi diversifikatsiyani taqozo qiladi.

Diversifikatsiya qoidalari bo‘yicha esa har qanday davlatlar bilan aloqalar mustahkamlanishi va savdo koridorlari ochilishi kerak.

Ikkinchidan, biz mustaqillik boshidan buyon demokratik davlat yo‘lini tanladik. Bu borada turli demokratik davlatlar tajribasini ko‘proq o‘rganishimiz kerak.

Ham iqtisodiy va ham siyosiy diversifikatsiya – bu O‘zbekistonning yo‘lidir. Og‘ish bu bizning yo‘l emas.

O‘zbekiston rahbariyati va siyosiy qarorlarni qabul qiladigan doiralar bu borada mamlakatning milliy manfaatlarini chuqur o‘rgangan va shunga tayangan holda qarorlar qilishi kerak.

Aminman, ma’lum muddat ichida Aleksandr Lukashenkoning gaplariga javob qaytariladi. Qolaversa, balki Lukashenkodek o‘z siyosiy obro‘yini to‘kaveradigan masxarabozlarga hadeb javob beraverish o‘zini hurmat qilgan davlat rahbariga ham to‘g‘ri kelmas.

Hammasiga ko‘z yumib, unga javob bermaslik, pisand qilmaslikning o‘zi ham javob bo‘lar unga, balki.

Masxarabozga javob berish bizga to‘g‘ri kelmas. O‘zbekiston unga bir marta javob berdi, biz shu pozitsiyadamiz va buni hamma biladi.

Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid