Jahon | 01:22 / 20.08.2025
4056
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy va Hindiston xavfsizlik yo‘nalishidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi

Xitoy va Hindiston bir-biriga “raqib yoki tahdid” sifatida emas, “hamkor” sifatida qarashi kerak, dedi Dehliga kelgan Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I. Hindiston bosh vaziri Narendra Modi kelasi hafta Xitoyda bo‘ladigan ShHT sammitiga boradi.

Foto: pib.gov.in

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Xitoy tashqi ishlar vaziri Van Ini qabul qildi. Uchrashuvda tomonlar chegaraoldi hududlarda xavfsizlik borasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi, deb xabar berdi Hindustan Times nashri.

"O‘tgan yili Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan BRIKS sammiti doirasida Si Jinping bilan o‘tkazgan uchrashuvimdan buyon Hindiston-Xitoy aloqalari muntazam rivojlanmoqda. Tyanjinda bo‘lib o‘tadigan ShHT sammiti doirasida navbatdagi uchrashuvimizni sabrsizlik bilan kutmoqdaman", - deb yozdi Modi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Van I, shuningdek, Hindiston milliy xavfsizlik maslahatchisi Ajit Doval bilan ham uchrashdi. Ular chegaralardagi xavfsizlik masalalarini muhokama qildi.

Xitoy tashqi ishlar vazirining Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar bilan uchrashuvida ikki tomonlama hamkorlik va global masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

Van Ining so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va Hindiston bir-biriga “raqib yoki tahdid” sifatida emas, “hamkor” sifatida qarashi kerak.

Subramanyam Jayshankar esa ikki davlat “o‘zaro munosabatlardagi murakkab davrdan chiqib ketish”ga urinayotganini aytdi.

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 31 avgust kuni Xitoyda bo‘lib o‘tadigan ShHT sammitida qatnashadi. Bu uning Xitoyga 2018 yildan buyon amalga oshirgan ilk tashrifi bo‘ladi.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid