O‘zbekiston | 14:06 / 08.03.2022
13559
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosarlaridan biri ishdan bo‘shatildi. U vazir o‘rinbosari bo‘lishi kutilmoqda

Toshkent shahar hokimining Muxtor Muhiddinovni egallab turgan lavozimidan ozod qilish haqidagi qarori 3 mart kuni qabul qilindi.

Qaror matni oradan olti kun o‘tib, ya’ni 8 mart kuni Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron tizimi – E-qaror.gov.uz saytiga joylangan.

Shu paytgacha Toshkent shahar hokimligi rahbariyati safidagi o‘zgarish haqida na poytaxt hokimligining rasmiy sayti yoxud ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida va na ommaviy axborot vositalarida xabar berilgan.

E-qaror.gov.uz saytidan skrinshot.

Muxtor Muhiddinovning ishdan olinishiga nima sabab bo‘lgani noma’lum. Shahar hokimining qarorida u boshqa ishga o‘tayotgani munosabati bilan hokim o‘rinbosari – shahar kanallaridan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ozod etilgani qayd etilgan. «Gazeta.uz»ning yozishicha, u mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari sifatida faoliyatini davom ettiradi.

Muxtor Muhiddinov

Muxtor Muhiddinov ushbu lavozimga 2020 yilning noyabrida tayinlangandi. U 1973 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1996 yilda Toshkent davlat texnika universitetini, 2004 yilda O‘zbekiston strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabini tamomlagan. Mutaxassisligi mexanik, siyosatshunos.

Jahongir Ortiqxo‘jayevning o‘rinbosari etib tayinlangunga qadar u Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlab kelgan.

Mavzuga oid