Amaldagi prezident Emmanuel Makron - jamoatchilik so‘rovlarida favorit bo‘lib kelmoqda. Ammo uning so‘rovlardagi ustunligi 2017 yildagi holat bilan taqqoslaganda ancha pasaygan. Makronga Marin Le Pen va uning «Milliy birlik» partiyasi jiddiy xavf tug‘dirmoqda: so‘rovlarning ko‘rsatishicha, amaldagi prezident atigi olti foiz punkt ustunlikka ega va bu 24 aprel kuni ikkinchi tur bo‘lishini anglatadi.

Hafta boshida Marin Le Pen Makronga qarshi ikkinchi turda kim raqib bo‘lishi borasidagi so‘rovnomada 48,5 foiz ovoz oldi - bu uning siyosiy faoliyatidagi eng yuqori ko‘rsatkich.

So‘rovlarning ko‘rsatishicha, enegriya narxlari va inflatsiya darajasi o‘sib borayotgan sharoitda saylovchilarning asosiy tashvishi sotib olish qobiliyati bo‘lib qolmoqda. Le Pen o‘z kampaniyasini muvaffaqiyat bilan shu tomonga yo‘naltirgan.

Shu bilan birga, saylovchilar Makronning iqtisodiy siyosatidan norozi bo‘lishsa-da, mamlakatda ishsizlik darajasi so‘nggi yillarda eng past darajada bo‘lib kelgan va so‘ralganlar uning muxoliflaridan kimdir bundan yaxshiroq natijaga erishadi deb o‘ylamayapti.

Pensiya islohoti esa alohida masala.

Le Pen 62 yoshni pensiyaga chiqish chegarasi sifatida saqlab qolmoqchi va 20 yoshdan oldin ishlashni boshlaganlar uchun bu chegarani 60 yoshgacha tushirmoqchi.

Makron og‘ir va xavfli ishlarda ishlaydiganlardan boshqalar uchun pensiya yoshini oshirish zaruratini pensiya tizimini barqaror qilish va kam miqdordagi pensiyalarni oshirish bilan izohlagan.

Agar u muvaffaqiyatga erishsa ham, ustunlik kichik bo‘lishi uning keyingi islohotlarni amalga oshirishiga yomon ta’sir ko‘rsatadi, qolaversa, uning so‘nggi vaqtlardagi mahalliy saylovlarning barchasida yutqazgan markazchi «Olg‘a, respublika» partiyasi iyun oyidagi parlament saylovlarida ham ovozlarini yo‘qotishi mumkin.

Saylovdagi nomzodlar

Emmanuel Makron Vladimir Putin bilan Kremldagi uchrashuvda, 2022 yil 7 fevral
Reuters / Scanpix / LETA

Sobiq iqtisodiyot vaziri, 2017 yilda Fransiya prezidentligiga saylanguniga qadar hech kimga tanish bo‘lmagan Makron 2016 yilda «Olg‘a, respublika» partiyasiga asos solgan va katta partiyalarni kurashga chorlagandi.