– Ikki yil avval yoshlar jamoasini boshqarayotgan edingiz, keyin koronavirus sabab ko‘p narsalar o‘zgarib ketdi. Hozir nimalar bilan bandsiz?
– Ha, u jamoa bilan ikki yil davomida ishladim. Bu jamoada ishlash men uchun yaxshi chaqiruv bo‘lgandi, chunki yosh futbolchilar ruhiy va jismoniy jihatdan kattalardan farq qiladi. Ikki yil davomida butun mamlakatni aylanib, iste’dodli futbolchilarni izladim. Bu jamoada hammasi haqqoniy edi – kim kuchli bo‘lsa, o‘sha o‘ynardi.
Menga ko‘p qo‘ng‘iroqlar bo‘lardi, ammo bizning jamoada olifta futbolchilar yo‘q edi. Saralashdan o‘tib, Osiyo chempionatiga yo‘l oldik. Qit’a birinchiligi orqali yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga ham chiqmoqchi edik, lekin koronavirus rejalarni o‘zgartirib yubordi.
Hozir Sergey Arslonov bilan birga «Nur» nomli havaskor klub tashkil qilib, unga turli sabablar bilan professional klublarga qabul qilinmay qolgan futbolchilarni to‘plaganmiz. Hozir klubning hamma xarajatlari o‘zimga qolgan, forma olishdan tortib barcha to‘lovlargacha. Hozirda Ikkinchi ligada yetakchilik qilyapmiz, homiy topa olsak, Birinchi ligaga chiqish vazifasini qo‘yishimiz mumkin.
Shu o‘rinda Sergeli hokimi Elbek Shukurovga rahmat aytmoqchiman, u bizning jamoamizni o‘z qanotiga olib, meni sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinladi. Unga o‘xshagan rahbarlar sabab bizda futbol rivojlanishi mumkin.
– Moliyalashtirish haqida gapirdingiz, bizda klublar qanday va kim tomonidan moliyalashtiriladi?
– Klubning xo‘jayini kim ekaniga bog‘liq. Jamoa kattaroq kompaniya qaramog‘ida bo‘lsa, pul bilan bog‘liq muammo bo‘lmaydi. Masalan, «Bunyodkor»ni neftogaz kompleksi moliyalashtiradi, OKMK va «Metallurg»ni metallurgiya kompleksi.
Boshqacha variantlar ham bor. Masalan, men 10 yillar avval Samarqandning «Dinamo» jamoasida ishlaganman. Klub mahalliy hokimlik balansida edi. Esimda, mavsum boshida viloyat hokimi tadbirkorlar va bank vakillari ishtirokida majlis o‘tkazardi. Yig‘ilishlardan birida hokim meni ko‘rsatib «Ko‘ryapsizlarmi, bu Azamat Abduraimov, u «Dinamo»miz murabbiyi. Yordam berish kerak», degandi. Ammo bunaqa usul bilan jamoaning barcha xarajatlarini qoplab bo‘lmaydi. Futbol bizda foyda keltirmaydigan soha, shu uchun davlat mablag‘larisiz yashab ketish qiyin.
– Nahotki katta kompaniya ko‘rinishidagi homiy bo‘lmasa, klub barbod bo‘ladi?
– Hammasi viloyat, shahar, korxona – klub tegishli bo‘lgan tashkilot rahbari kimligiga bog‘liq. Oddiy misol, Qashqadaryoning sobiq hokimi Nuriddin Zayniyev haqiqiy futbol muxlisi edi. Uning rahbarligida Qashqadaryoda futbol rivojlanib, «Nasaf» 2012 yil OFK kubogini qo‘lga kiritgandi. Bu o‘zbek klublarining rasmiy xalqaro musobaqalardagi yagona g‘alabasi hisoblanadi. Hozirda «So‘g‘diyona» yaxshi natijalar qayd etmoqda, chunki Jizzax hokimi Ergash Soliyev futbolga qiziqadi. Viloyatda akademiya qurishmoqda, ayollar jamoasida ham yaxshi sharoitlar qilib berilgan.















