Jahon | 08:36 / 27.07.2022
3663
2 daqiqa o‘qiladi

Tunisda 30 foizga yaqin aholi ovoz bergan munozarali konstitutsiya qabul qilindi

Prezident Qays Saidga ko‘proq vakolatlar berilishi nazarda tutilgan Tunis yangi konstitutsiyasini qabul qilish uchun saylovchilarning 94,6 foizi ovoz berdi. Muxolifat ovoz berishni boykot qildi.

Foto: Reuters

Tunisda prezident Qays Said tomonidan taklif qilingan hamda unga ko‘proq vakolatlar berilishi nazarda tutilgan munozarali konstitutsiyaviy tuzatish loyihasi referendumda ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilindi. Tunis saylov organi 26 iyul, seshanba kuni kechqurun ma’lum qilishicha, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ovozlarning 94,6 foizi ushbu tuzatishlar qabul qilinishini yoqlab berilgan.

Ovoz berishning o‘zi 25 iyul kuni bo‘lib o‘tdi, muxolifat esa uni boykot qildi. So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, referendumda saylovchilarning taxminan 30,5 foizi qatnashgan. Muxolifat kuchlari hokimiyatni ma’lumotlarni soxtalashtirishda ayblab, ovoz berish huquqiga ega bo‘lganlarning katta qismi konstitutsiyaviy referendumda qatnashmaganini ta’kidlamoqda. 

Yangi konstitutsiyaga ko‘ra, prezident parlament ishtirokisiz hukumat rahbari va vazirlarni tayinlashi hamda lavozimidan ozod qilishi, shuningdek, boshqa loyihalardan ustun bo‘lgan qonun loyihalarini parlamentga kiritishi mumkin. Parlamentning pozitsiyalari sezilarli darajada zaiflashdi. Yangi konstitutsiyada prezidentning iste’foga chiqishi ko‘zda tutilmagan. 

Qays Said 2019 yilda Tunis prezidenti etib saylangan. 2021 yilda u favqulodda qonunlarga asoslanib, hukumat va parlamentni tarqatib yubordi. Tanqidchilar Said tashabbusi bilan boshlangan konstitutsiyaviy islohot mamlakatni uzoq yillik davlat rahbari, 2011 yilda «Arab bahori» deb atalgan ommaviy namoyishlar natijasida hokimiyatdan chetlatilgan Zin al-Obidin bin Ali davridagi kabi avtoritar boshqaruv tizimiga olib kelishi mumkinligidan xavotirda.

Mavzuga oid