Ushbu ommaviy yugurish musobaqasi “O‘zbekneftgaz” AJ, “Uzbekistan GTL” zavodi hamda Yengil atletika federatsiyasi hamkorligida tashkil etildi. 

Tadbir doirasida 8 ta ommaviy yugurish musobaqasini o‘tkazish rejalashtirilgan. Unda sportni rivojlantirishga va atrof-muhit muhofazasiga o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lganlar qatnashishlari mumkin.

Boshqaruv qaroriga ko‘ra, ilk marotaba yugurish musobaqasi O‘zbekiston shaharlarining markaziy ko‘chalari bo‘ylab odatdagi marshrut bo‘yicha emas, Markaziy Osiyodagi sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha yagona bo‘lgan korxona – “Uzbekistan GTL” zavodi yonidan start oldi.

Foto: Yengil atletika federatsiyasi

Ijtimoiy-ekologik hamkorlik sohasidagi masalalarni amalga oshirish maqsadida sport va yuqori texnologiyalar kollaboratsiyasi Yengil atletika federatsiyasining yangi rahbariyati tomonidan taklif etildi. Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyidan boshlab “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev Federatsiyaga rahbarlik qilmoqda.

“Save Aral – 2022” xayriya ommaviy yugurish musobaqasi va “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi kubogining “GTL” zavodi atrofida o‘tkazilishi neft va gaz sanoati jamoasini ommaviy sport bilan faol shug‘ullanishga jalb qilish uchun ajoyib tashabbus bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

– Ishchi-xodimlar salomatligiga g‘amxo‘rlik qilish va mehnat muhofazasini ta’minlash asosiy vazifalarimizdan hisoblanadi. “GTL” zavodida xalqaro standartlar talablariga javob beradigan eng zamonaviy qurilmalarni joriy etish bilan bir paytda jamoa ichida ekologik mas’uliyatni shakllantirish ham dolzarbdir, – dedi hayriya tadbirining ochilish marosimida Mehriddin Abdullayev.

Neft va gaz korxonalari faoliyatida atrof-muhitni himoya qilish masalalari doimiy e’tiborda. Shu bois aksiyadorlik jamiyati “GTL” majmuasi yonidagi G‘uzor tumanini obodonlashtirishga qaratilgan ekologik aksiyalarga katta istak bilan qo‘shildilar. Ekologik aksiyalar doirasida Federatsiya va “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan saksovul ekish hamda hududni maishiy chiqindilardan tozalash ishlari amalga oshirildi.

Foto: Yengil atletika federatsiyasi

“Save Aral – 2022” sport ommaviy yugurish musobaqalarini o‘tkazishdan maqsad jamoatchilik e’tiborini Orol dengizi fojiasi va Orolbo‘yi mintaqasini qayta tiklash masalalarini hal qilish uchun choralarni faollashtirishga jalb qilishdan iborat.