Havo harorati keskin tushib ketgan paytda aholining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida dastlab poytaxtdagi, so‘ngra boshqa hududlardagi metan-shoxobchalar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgandi. Bundan tashqari, bahorgacha davlat idoralariga qarashli avtomobillarga siqilgan gaz quyish taqiqlangan, ular benzinga o‘tkazilishi ma’lum qilingandi.

Energetika inqirozi sharoitida kiritilgan cheklovlar ta’sirini yumshatish maqsadida AI-80 benzini importi va realizatsiyasi 2022 yil 10 dekabrdan 2023 yil 1 martgacha aksiz solig‘idan ozod qilindi. Shu bilan birga, neft va gaz kondensati tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar qazib oluvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqaruvchilarga faqat birja orqali sotilishiga oid tartib bekor qilindi.
Buning natijasida 13 dekabr, seshanbadan boshlab “O‘zbekneftgaz” shoxobchalarida AI-80 benzini narxi 6800 so‘mdan 5700 so‘mga tushirildi. Benzin arzonlashgani poytaxtdagi shoxobchalarda turnaqator navbatlarni yuzaga keltirdi.

Kun.uz’ga intervyu bergan haydovchilar narxlar arzonlashganini olqishlash barobarida faqatgina “O‘zbekneftgaz” shoxobchalarida AI-80 benzini 5700 so‘mdan sotilayotgani, qolgan “zapravka”larda narx avvalgi holida qolayotgani, bu esa uzundan-uzoq navbatlar paydo bo‘lishiga olib kelayotganini aytishmoqda.

Internetdagi xabarlarga ko‘ra, poytaxtdagi boshqa shoxobchalarda AI-80 markali benzin 6500 so‘mdan 7500 so‘mgacha sotilmoqda.


Avvalroq Antimonopol qo‘mita benzin narxini asossiz ravishda oshirayotgan AYoQShlarga keskin chora ko‘rilishini ma’lum qilgandi.









