Yevropa komissiyasi okeanlarni himoya qiliş böyiça birinçi global kelişuvni olqişlab, uni tarixiy deb atadi. «Okeanlarimiz uçun tarixiy lahza. Biz va kelajak avlodlar uçun zarur bölgan dengiz hayoti va biologik xilma-xillikni himoya qiliş yölida olğa qat’iy qadam taşlamoqdamiz», - dedi 5 mart, yakşanba kuni Yevropa Ittifoqining atrof-muhit böyiça komissari Virginiyus Sinkyaviçyus. U şartnomani «Yevropa Ittifoqi asosiy rol öynagan ön yildan ortiq tayyorgarlik işlari va xalqaro muzokaralarning yakuni» deb atadi.
Kuni keça BMTning 100 dan ortiq davlatlari taşkilotning Nyu-Yorkdagi ştab-kvartirasida okeanlarni muhofaza qiliş böyiça global şartnomani ma’qulladi. Hujjatga köra, 2030 yilga borib okean suvlarining 30 foizga yaqini qöriqlanadigan hududga aylanadi. Şartnoma tomonlari u dengiz hayotini himoya qilişi va tiklaşiga umid qilmoqda.
Şartnoma predmeti oçiq dengiz, ya’ni davlatlar çegarasidan taşqaridagi xalqaro okean suvlaridir. Hujjat deyarli yigirma yil davomida tayyorlangan. Mamlakatlar uzoq vaqt davomida, asosan, baliq ovlaş kvotalari böyiça kelişmovçiliklar tufayli bir fikrga kela olmadilar. Bitim matni endi qayta körib çiqilmaydi, iştirokçi davlatlar uni faqat ratifikatsiya qilişi kerak.
Şartnoma himoyalangan dengiz zonalarini yaratişni nazarda tutadi. Hozirda okeanning atigi 1,2 foizi himoyalangan. Endilikda xalqaro suvlarning uçdan bir qismi muhofaza ostiga olinadi, deb taxmin qilinmoqda. Muhofaza qilinadigan hududlarda baliq ovlaş, yuk taşiş yöllari va foydali qazilmalar qazib olişda çeklovlar mavjud böladi.
Okeanlar - noyob ekotizim, milliardlab odamlar uçun oziq-ovqat manbai. U iqlimni tartibga solişda muhim rol öynaydi va sayyoradagi ortiqça issiqlikning 90 foizdan ortiğini özlaştiradi. Tabiatni muhofaza qiliş xalqaro ittifoqi ma’lumotlariga köra, dengiz biologik turlarining deyarli 10 foizi yöqolib ketiş xavfi ostida.












