BMT Boş Assambleyasining Ukrainadagi uruş davrida sodir etilgan jinoyatlarni tergov qiliş böyiça mustaqil komissiyasi Rossiyani insoniyatga qarşi jinoyatlarda aybladi. Xalqaro diplomatlar va huquq himoyaçilarining oçiq maʼruzasida xorijliklarni Rossiya armiyasi hamda unga aloqador tuzilmalarga yollaş usullari odam savdosi sifatida baholangan.

«Komissiya Rossiya hukumati dunyoning turli mintaqalarida faoliyat yurituvçi agent va agentliklar bilan til biriktirib, 29 ta mamlakat fuqarolarini Rossiya qurolli kuçlariga yollaş maqsadida aldov yoki majburlaş yöli bilan odam savdosiga qöl urgani haqida işonçli dalillarni aniqladi», - deyiladi hisobotda.

BMT komissiyasi Rossiya qöşinlariga 48 ta davlat fuqarolari jalb qilingani aniqlanganini körsatib ötdi. Biroq ulardan kamida 29 tasining fuqarolari aynan aldaş yoki majburlaş yöli bilan yollangani öz isbotini topgan. Bular qatorida nafaqat sobiq SSSR respublikalari, balki Afrika, Lotin Amerikasi, Yaqin Şarq va Janubiy Osiyo mamlakatlari ham bor. Ular orasidan Braziliya, Hindiston, Turkiya, JAR hamda Ukrainada uruş boşlanganidan keyin Moskva bilan hamkorlik aloqalarini saqlab qolişga urinayotgan boşqa bir qator davlatlar joy olgan.

Hisobot mualliflari turli mamlakatlarda odamlarni yollaşda muntazam takrorlanadigan bir neçta qonuniyatlarni ajratib körsatdi. Yollovçilar aholining eng noçor va himoyasiz qatlamlari orasida iş olib borgan. Ular yollanuvçilarga Rossiyada tinç kasblarda işlaşni vaʼda qilgan, baʼzi hollarda esa uruşga jönatilmasliklariga alohida «kafolat berilgan».

Ammo amalda xorijliklar Rossiyaga yetib borgaç, özlari tuşunmaydigan rus tilida Mudofaa vazirligi bilan şartnoma imzolaşga majburlangan. Xorijliklarning pasport va telefonlari tortib olinib, yetarli harbiy tayyorgarliksiz frontning xavfli nuqtalariga jönatilgan. Bunday askarlarning köpçiligi oldingi çiziqqa tuşgan dastlabki kunlaridayoq halok bölgan yoki bedarak yöqolgan.

Dunyoning bir qator davlatlari öz hududlarida Rossiya armiyasiga noqonuniy yollaş muammosi borligini allaqaçon tan oldi va yollovçi tarmoqlarga qarşi kuraşni boşladi. Şu bilan birga, BMT komissiyasi butun dunyo böylab Kreml manfaatlarini közlab harakat qilayotgan agentlar ham özaro, ham Rossiya hukumati bilan yuqori darajada muvofiqlaşgan holda işlayotganini qayd etdi.

Uruş çözilgani sari, yollovçi tarmoqlarga kerakli miqdordagi jangçilarni topiş qiyinlaşib bormoqda. Ammo hozirça ular yangi hududlarga köçib ötişning uddasidan çiqişyapti. Xususan, Afrikada birvarakayiga bir neçta davlat (Botsvana, Keniya, JAR) öz fuqarolarini begona uruşga noqonuniy yollaş muammosini tan olganidan söng, rossiyaparast agentlarning eʼtibori rahbariyati moyilroq bölgan mamlakatlarga qaratildi: masalan, Burundi, Madagaskar, Zimbabve yoki Kongo Demokratik Respublikasi şular jumlasidandir.