O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Kun.uz’ga bergan intervyusida kinofilm va spektaklarning saviyasi, ularga nisbatan bo‘layotgan ko‘plab noroziliklar haqidagi savolga ham javob berdi. Unga ko‘ra, tushayotgan ko‘plab takliflardan kelib chiqib, kinofilmlarni efirga berishdan avvalgi badiiy kengashlar qayta tashkil qilinishi mumkin.

— Bugun O‘zbekistonda teatrga tushuvchi qator muxlislar yaratilayotgan spektakllarning ma’nan sayozligi, ularda ko‘tarilayotgan muammolar esa bugungi kun muammosi emasligi, ya’ni bugunni aks ettirmasligi haqida aytishadi.

Shuningdek, telekanallarda namoyish etilayotgan seriallar masalasi ham shunday og‘riqli. Ular ma’nan sayoz va hatto faxshni targ‘ib qiladi. Xuddiki, milliy kinofilmlarimiz odamlar ongini atay sayozlashtirish uchun ishlanayotgandek.

Xo‘sh, O‘zbekiston madaniyat vaziri sifatida bu sayozlikni sezyapsizmi o‘zi, buning sababi nimada, yechimlar qanday?

Ozodbek Nazarbekov:

— Kamchiliklar borasida fikringizga 100 foiz qo‘shilaman. Ammo bunday xurujlar erkinlik soyasida bo‘lyapti. Sizga ijod erkin bo‘lishi kerakmi, desam, albatta, ha, deysiz. Hozirgi vaziyatda paradoks paydo bo‘lyapti. Bugungi kunda mana shunday bir-biriga zid bo‘lgan tushunchalar paydo  bo‘lyapti. Shuning uchun ham siz ommaviy axborot vositalari bizning pozitsiyamizni xalqqa to‘g‘ri yetkazib berishlaringiz kerak. Erkinlik da’vo qila turib buzg‘unchilikni targ‘ib qilishga, jamiyatni izdan chiqarish uchun maqsadli bunday narsalar kiritilishini yetkazish kerak xalqqa ham, san’atkorlarga ham. Shuning uchun Badiiy kengashni qaytarish kerak degan fikrdamiz. Davlat tarqatgan edi bu kengashni, endi xalq talab qilyapti qaytarishni. Ko‘rdikki, san’at juda erkin qo‘yib yuborilsa ham bo‘lmaydi. Ijod bu pichoqday gap, qassobning qo‘liga tushsa, qo‘y so‘yadi, jallod esa jinoyat. Yetuk soha vakillaridan iborat badiiy kengash bo‘lishi kerak, bu borada ishlar olib boryapmiz, muhokama qilyapmiz.

Mana bir misol, «Million» kulgi jamoasi 15 kun konsert bersa, har kuni zallar to‘lyapti. Bugungi kunda xamma narsa talabga qarab shakllanadi. Hatto televizorga chiqib yomonlaydiganlarning ba’zilari mendan o‘sha konsertga chipta topib berishimni so‘raydi.

— Iste’molchi ham bozorda borini oladi-da. Masala ularga saviyali mahsulotlar taqdim etilmayotganidadir. Masalan, xorijning yaxshi-yaxshi kinolari chiqsa, ularni kinosaroylarga tushib ko‘rishayotganiga guvohmiz-ku.