O‘zbekiston | 15:14 / 29.10.2023
20501
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berilishi shartlari ma’lum qilindi

2023/2024 yillar kuz-qish mavsumida ko‘mirga o‘kazilishi kerak bo‘lgan issiqxonalarga, agar avtomatlashtirilgan gaz hisoblagich o‘rnatgan, debitor qarzlari bo‘lmasa hamda oldindan to‘lovlarni amalga oshirgan bo‘lsa, gaz yetkazib berilishi mumkin. Yana bir sharti - o‘tgan galgidek aholi gaz ta’minotida muammo yuzaga kelsa, ular muqobil yoqilg‘i zaxirasini g‘amlab qo‘yishlari kerak bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining «Issiqxona xo‘jaliklari va meva-sabzavotlarni eksport qiluvchi korxonalarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, ko‘mirga o‘kazilishi kerak bo‘lgan issiqxonalarga 2023/2024 yillar kuz-qish mavsumida tabiiy gaz quyidagi talablarga qat’iy rioya etgan holda yetkazib beriladi:

  • tabiiy gaz hisoblagichlari tabiiy gaz nazorati va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulangan;
  • tabiiy gazdan yuzaga kelgan debitor qarzdorligini so‘ndirish hamda tabiiy gaz uchun belgilangan to‘lovni oldindan to‘lash;
  • aholining gaz ta’minoti tizimida favqulodda holatlar yuzaga kelganda issiqxona xo‘jaligida yetarli miqdorda muqobil energiya zaxirasi mavjudligi.

Tarif esa yuridik shaxslar uchun o‘rnatilgan tartibda bo‘ladi (1500 so‘m). 

Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi «Hududgazta’minot» AJ va Bosh prokuratura bilan birgalikda bir oy muddatda issiqxona xo‘jaliklarining gaz nazorati va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanganini nazorat qiladi va ulanmagan issiqxona xo‘jaliklari «Insofsiz iste’molchilar ro‘yxati»ga kiritilgan holda ularga gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomlar bekor qilinadi.

2023/2024 yillar kuz-qish mavsumidan boshlab har yili «Hududgazta’minot» Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda issiqxona xo‘jaliklari o‘rtasida uch tomonlama kelishuvlar tuzish amaliyoti joriy etiladi. Kelishuvlarda har bir issiqxona xo‘jaligining ehtiyojidan kelib chiqqan holda, unga yetkazib beriladigan tabiiy gaz hajmlari aniq ko‘rsatiladi.

Tabiiy gazdan ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkaziladigan issiqxona xo‘jaliklarini davlat tomonidan rag‘batlantirish maqsadida  2023 yil 1 noyabridan issiqxona xo‘jaliklarining ko‘mir qozonini xarid qilish xarajatlarining 20 foizi davlat budjetidan (Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan) qoplab beriladi.

Tijorat banklari tomonidan issiqxona xo‘jaliklariga quyidagi maqsadlar uchun kreditlar ajratiladi:

  • ko‘mir saqlash omborlarini qurish uchun – 3 yil muddatga 1 yillik imtiyoz davri bilan;
  • yoqilg‘i sotib olishga aylanma mablag‘ uchun 1 yil muddatga 6 oylik imtiyoz davri bilan.

Bundan tashqari, tijorat banklari kredit mablag‘lari hisobidan issiqxona xo‘jaligini tashkil qilgan har bir mijozning moliyaviy ahvolini inobatga olgan holda, ularning kreditlarini qaytarish muddatlarini uzaytirib beradi.

Mavzuga oid