Avia va temiryöl transporti uçun çipta xarid qiliş jarayonida inson omili hanuz yuqori, korrupsion va taniş-bilişçilik holatlari bor. Bu haqda Oliy Majlis Qonunçilik palatasining Sanoat, quriliş va savdo masalalari qömitasi tomonidan ötkazilgan Transport vazirligining «Avia va temir yöl transportlarida fuqarolarga xizmat körsatiş sifatini oşiriş borasida olib borilayotgan işlar töğrisida»gi axboroti eşituvida aytib ötildi. 

Qayd qilinişiça, şu bilan birga, vagonlarda birlamçi tibbiy xizmat körsata oluvçi mutaxassislar yöq, şahar atrofidagi hududlarga harakatlanuvçi zamonaviy tezyurar elektropoyezdlar qatnovi hanuzgaça yetarli darajada taşkil etilmagan. 

Bundan taşqari, charter va muntazam parvozlarni amalga oşiriş hamda xorijiy aviataşuvçilarni Özbekiston aviataşuvlar bozoriga jalb etiş böyiça mezonlarning mukammal emasligi, fuqaro aviatsiyasi sohasini raqamlaştiriş va özaro integratsiyalaşda mezonlarning belgilanmagani böyiça e’tirozlar bildirildi. 

Eşituvda xalq vakillari avia va temiryöl transportlariga bölgan talab kundan-kunga oşib borayotganini qayd etib, avia va temiryöl tizimida taşuvçilarning qonunçilikda majburiyatlari va javobgarligini aniq belgilaş, sohaga xususiy sektor va xorijiy investitsiyalarni keng jalb etiş böyiça mutasaddilarga bir qator takliflarni berdi. 

Ma’lum qilinişiça, 2023 yilda Özbekistondagi 11 ta xalqaro aeroport va uçiş-qöniş maydonçalari orqali 85 ming 702 ta aviaqatnov amalga oşirilib, 10 mln 409 ming yölovçiga, 70,870 ming tonna yuk va poçtaga xizmat körsatilgan. Aviakompaniyalar soni 9 tadan 15 taga yetkazilgan. Şuningdek, milliy aviaparkka xorijdan 28 ta havo kemasi keltirilgan, ularning umumiy soni 75 taga yetgan. 

Bundan taşqari, 2023 yilda temiryöl transportida mahalliy yölovçilarni taşiş yönalişlari 6 taga oşirilib, 29 taga yetkazilgan. Mazkur yönalişlarda 44 ta yölovçi poyezd harakatlangan bölib, şulardan 6 tasi yuqori tezlikda harakatlanuvçi, 6 tasi tezyurar, 16 tasi yölovçi poyezdlari hamda 18 tasi şahar atrofida harakatlanuvçi elektropoyezdlardir.