Albatta, milliy jamoa futbolchilarini ortiqcha hayajondan xoli qilish, o‘yinlarga to‘g‘ri baho berilishini ta’minlash murabbiyning vazifasi. Katanets bu faktorga ahamiyat berishining o‘zi bu borada muammo bo‘lmasligiga umid beradi.

Lekin jurnalistlarda, yillar davomida mundial orzusida yashab kelayotgan muxlislarda bu safar muvaffaqiyatni qattiq istashga asoslar yetarli. Kamida bizga avvalgi saralash o‘yinlarida xalaqit berib kelgan bir qator to‘siqlardan ozodmiz. Quyida mana shular haqida so‘z boradi va umid qilamizki, jamoamiz bu safar uddalaydi va Srechko Katanets muvaffaqiyatsizlik uchun yangi turdagi sabablarni o‘ylab topgan emas, o‘zbeklarni mundialga ilk marta olib chiqqan murabbiy sifatida tarixda qoladi.

Taqvim

Ushbu bosqichda dastlabki turlarda ochko to‘plash juda muhim sanaladi, zero raqiblar saviyasi bir-biriga yaqin bo‘lganidan, ilk o‘yinlardagi g‘alabalar jamoaga qo‘shimcha ishonch berib, bosimni kamaytiradi ham. Aynan shu borada shu paytgacha omadimiz kelmagandi. Dastlabki urinishimizda (JCh-98) ilk uch o‘yinni safarda Yaponiya, Koreya va Qozog‘istonda o‘tkazganmiz va bu o‘yinlarda olingan atigi 1 ochko keyingi taqdirimizni belgilab bergan.

Keyingi saralashda safarda BAA dan 1:4, JCh-2010 saralashida Qatarda 0:3 hisobida mag‘lubiyatlar qayd etilgan. JCh-2006 saralashi so‘nggi bosqichi ilk turida Toshkentda Saudiya Arabistoni bilan durang o‘ynaganmiz. JCh-2014 da ancha kuchli jamoaga ega bo‘lsak-da, Eronga qarshi ilk turda Toshkentdagi mag‘lubiyat butun musobaqa davomida pand bergan. Esingizda bo‘lsa, bir qator yetakchi futbolchilarimiz avvalgi o‘yinlarda ataylab sariq kartochka olgani tufayli diskvalifikatsiya qilingan, o‘yinda esa, haqqoniy gol hisobga olinmagandi.

Aynan yomon start tufayli biz JCh-2010 va JCh-2014 saralash o‘yinlarida murabbiylarni almashtirganimiz ham yakunda foyda bermaganini ham eslab o‘tish lozim. Umuman, shu paytgacha O‘zbekiston biror marta butun saralash bosqichini bir murabbiy bilan boshlab, yakunlamagan.

Faqat JCh-2018 saralashida oxirgi bosqichni yaxshi boshlay olganmiz, Qatar va Suriya mag‘lub etilib, 6 ochkoni qo‘lga kiritganmiz. Qarang, o‘sha turnirda biz ko‘p o‘yinlarda pand yeganmiz, Suriya va Xitoy bilan kutilmagan ochkolar yo‘qotilgan, ammo shunda ham, oxirgi o‘yinda Toshkentda Koreyani mag‘lub etsak, to‘g‘ridan to‘g‘ri mundialga chiqish imkoniyati saqlanib qolgandi. Aksincha, JCh-2014 saralashida yuqorida eslangan Erondan mag‘lubiyatdan so‘ng, Livanda ham durang o‘ynaganimiz, keyinchalik qatorasiga g‘alabalarni qo‘lga kiritsak ham, yakunda yetarli bo‘lmagan. Ya’ni baribir dastlabki turlardagi ochkolar deyarli so‘nggi o‘yinlargacha bizni kurashda olib qoladi, da’vogarlar safidan chiqarib yubormaydi. Shu jihatdan juda muhim.