AQSh mezbonlik qilayotgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘zbekistonlik muxlislar uchun har tomonlama noqulay – o‘yinlar boshlanish vaqtidan tortib, futbol o‘ynab bo‘lmaydigan ob-havogacha, translatsiyalar sifatidan tortib, muxlislar tashrifigacha hech kimning ko‘ngli to‘lmayotgandek. Kelasi yili xuddi shu vaqtda haqiqiy jahon chempionati bo‘lib o‘tishi esa xavotirni kuchaytirishi tayin – nahotki mundial ham shunday o‘tsa? Spors.ru mualliflari ham shu borada izlanish qilib ko‘rishgan va quyida ba’zi xulosalar havola qilinadi.
«Amerika Qo‘shma shtatlarida o‘tayotgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati hozircha ziddiyatli xulosalar uyg‘otmoqda. Hammasidan ham, hatto top jamoalar ishtirokidagi uchrashuvlarda ham tribunalar bo‘sh qolayotgani ta’bni xira qiladi. Misol uchun, «Chelsi» va «Los Anjyeles» o‘yinini ko‘rishga 22 ming tomoshabin keldi – 71 ming muxlisga mo‘ljallangan stadion uchun xunuk manzara.
Oddiyroq o‘yinlarda vaziyat undanda yomon. «River Pleyt» va «Urava Red Daymonds» uchrashuvi 69 ming o‘rinli o‘yingohda bo‘lib o‘tdi, ammo tashrif buyurganlar soni 11 974 kishi. «Pachuka» – «Red Bull Zalsburg» o‘yinini 5282, «Ulsan» va «Mamelodi Sandaunz» uchrashuvini esa atigi 3412 tomoshabin tribunalarda o‘tirib kuzatdi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili Kopa Amerika ham aynan AQSh maydonlarida bo‘lib o‘tgan, faqat Argentina va Meksika qatnashgan o‘yinlar ellik mingdan ortiq muxlis to‘plagandi. Buni Messi hamda mamlakatdagi Meksika diasporasi bilan izohlash mumkin. Shu bilan birga, Kopa ko‘rsatkichlari hozirgi musobaqanikidan sal ko‘proq, aytaylik, Kosta Rika – Paragvay, Boliviya – Panama kabi o‘yinlar 12-15 ming muxlis to‘play olgan. Agar klublar o‘rtasidagi turnirda ham o‘rtacha o‘yinlarda shu ko‘rsatkich qayd etilganda, Janni Infantino «do‘ppisini osmonga otgan bo‘lardi».
AQShda qaysi sport ommaviy?
AQSh – futbol mamlakati. Ammo bir nyuans bor. U yerda biz biladigan futbol emas, amerikacha futbol urf bo‘lgan. Bizning futbolni esa «sokker» deb atashadi.
Marketing tadqiqotlari bilan shug‘ullanadigan mashhur Nielsen kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yildagi eng ko‘p tomosha qilingan 100 translatsiyaning 93 tasi MFL (Milliy futbol ligasi) o‘yinlaridir. Buning ustiga, amerikacha futbol borgan sari ommalashmoqda, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 72 ta edi, 2022 yilda esa 82.

Superboul (MFL chempionligi uchun match) har yili barqaror ravishda eng ko‘p tomosha qilinadigan translatsiya hisoblanadi – 2023 yilda 115 million, 2024 yilda 123 million, 2025 yilda esa 127 million tomoshabin kuzatgan.










