O‘zbekiston | 20:10 / 14.12.2024
3486
11 daqiqa o‘qiladi

Energetiklarning ob-havo bahonasi, elektr toki defitsitining tugashi va MBda yangi rais - hafta dayjesti

Metan-shoxobchalar yana yopildi: vazirlik haydovchilarga “gaz bo‘lmasa, benzin quyish”ni maslahat berdi. Elektr energiyasi defitsiti tarixga aylangani aytilmoqda: respublika bo‘ylab yana 10 ta elektr stansiyasi ishga tushirildi. Markaziy bankda rahbar almashdi: Mamarizo Nurmurodovning o‘rnini Timur Ishmetov egalladi. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

“Gaz bo‘lmasa, benzin quyishsin”

Qishning ikkinchi haftasidayoq, gaz ta’minoti tizimi odatiy qishning odatiy sovug‘iga haligacha dosh berolmasligi oydinlashdi: 9 dekabrdan boshlab metan-shoxobchalar faoliyatiga cheklov kiritildi. Yuzaga kelgan vaziyatda o‘zbekistonliklarni bir tomondan kilometrlab navbatlar va yo‘lkira narxlarining keskin oshishi qiynayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan rasmiylarning izohlari dard ustiga chipqon bo‘lyapti.

Energetika vazirligi dekabr oyi uchun mutlaqo odatiy havo haroratini “anomal”ga chiqarib, yana ob-havoni bahona qildi. Vazirning matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev Kun.uz'ga bergan intervyusida “anomal” so‘zini ishlatmagan bo‘lsa ham, metan-shoxobchalar yopilishiga “o‘ziga xos iqlim”ni sabab qilib keltirdi.

“Oldingi yillar bilan solishtiriladigan bo‘lsa, dekabr oyida bunaqangi sovuq bo‘lmas edi. Mana, bu yil bizga o‘ziga xos iqlim kirib keldi. Dekabrning boshidan sovuq bo‘ldi”, – dedi u.

Energetika vazirligi seshanba kuni bayonot berib, birja savdolariga chiqarilayotgan kunlik benzin hajmi 2 barobarga oshirilishini ma’lum qildi. Toshxo‘jayevning aytishicha, benzin taklifini kerak bo‘lsa 3 baravarga ko‘paytirish imkoniyati ham bor. “Bu bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q, zaxira yetarli”, dedi u. Bu bayonotlarga qaramay, AI-80 benzini bo‘yicha o‘tkir defitsit saqlanib qolyapti. Qimmat markali benzin turlari bo‘yicha esa yetishmovchilik yo‘q. Ayni paytda, vazirlik ochiqchasiga “gaz yo‘q bo‘lsa, borib benzin quyinglar” deyishni o‘ziga ep ko‘rayotgani e’tiborli.

“Biz masalan hozir benzinni ko‘proq miqdorda chiqarmasak, aholini sal qiynab qo‘yadigan bo‘lsak, e’tirozlarni to‘g‘ri tushunardim, lekin hozirgi holatda ularda muqobil variant bor. Ular yana bir narsani o‘ylashi kerakki, uyida yosh bolasi bordir, bemori bordir, uyi sovuq bo‘lgandan ko‘ra, metan-zapravkada ozgina navbat kutishi mumkin. Yoki navbat kutishni istamasa, borib benzin xarid qilib bemalol yurishi mumkin”, – deydi Hasan Toshxo‘jayev.

Energetika vazirligi rasmiysining bu gaplari tarmoqlarni junbushga keltirib, o‘n minglab salbiy va o‘ta salbiy izohlar bilan qarshi olindi. Ko‘pchilik “xalqning noni bo‘lmasa, pirojniy yesin” degan iborani esladi.

Energetika sohasi tanqid ostida bo‘lib turgan kunlarda, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov asosiy tanqidchilaridan birining ustidan ariza bergani ma’lum bo‘ldi. Iqtisodchi Otabek Bakirovning ma’lum qilishicha, Mirzamahmudov “Bakirov meni haqorat qildi va obro‘sizlantirdi” degan mazmundagi ariza bilan prokuratura va IIVga murojaat qilib, unga chora ko‘rishni so‘ragan.

2024 yil oktyabr oyida berilgan arizaga Otabek Bakirov 2023 yil yozida o‘z Telegram-kanalida yozgan posti sabab bo‘lgan. Postda Toshkentdagi Sag‘bon podstansiyasi qayta-qayta ta’mirlanishiga qaramay, avariyalar davom etaverishi haqida so‘z boradi. Matnda vazirga nisbatan haqorat va obro‘sizlantirish bor yoki yo‘qligi yuzasidan ekspertiza o‘tkazilishi kutilmoqda. Holatga vazir Mirzamahmudovdan izohlar bo‘lmadi, Bakirov esa uning harakatlarini energosenzuraga urinish deb baholadi.

Energetika sohasida yana 18 ta loyihaga start berildi

O‘zbekistonda gaz defitsiti saqlanib qolayotganiga qaramay, bu yil elektr energiyasi bo‘yicha taqchillik qolmagani e’lon qilingan. Rasmiylarga ko‘ra, hozir mamlakatdagi elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari mavjud ehtiyojni ortig‘i bilan qoplay oladi. Elektr energiyasidagi uzilishlar uzatish tarmoqlarining eskirgani bilan bog‘liqligi, yildan yilga podstansiya va transformator kabilar yangilanib, tarmoqlarning holati yaxshilangach, elektr uzilishlari barham topishi aytilmoqda.

Shu bilan birga, kelgusi 5 yilda mamlakatda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj hozirgidan 1,5 barobarga oshishi kutilyapti. Shu sabab generatsiyani oshirib borish davom ettiriladi. 13 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasida 18 ta loyihaga ishga start berdi. Davlat rahbari qiymati 3,7 milliard dollarlik 18 ta yangi quvvatlar ishga tushirilgani va navbatdagi 6 ta loyiha qurilishiga start berilganini “energetika sohasidagi tarixiy voqea” deb atadi.

Marosimda Buxoro, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida salkam 2,3 ming megavatt quvvatga ega 5 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda 5 ta yuqori kuchlanishli podstansiya ishga tushirildi. Shuningdek, Andijon va Farg‘onada 300 megavattli yirik saqlash tizimi, Qashqadaryoda 400 megavattli elektr stansiyasi, Toshkent shahrida zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 4 ta kichik GES foydalanishga topshirildi.

Bundan tashqari, prezident Farg‘ona, Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qiymati 3,5 milliard dollar bo‘lgan 2,5 ming megavattli 6 ta elektr quvvatlari qurilishini boshlab berdi. Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, kelgusi yili jami 84 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Shu tariqa, 2016 yilga nisbatan generatsiya hajmi 1,5 barobarga ortishi kutilmoqda.

Timur Ishmetov – Markaziy bank raisi

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov lavozimini tark etdi. Senat kengashi prezident taqdimnomasiga asosan uni lavozimidan ozod etib, o‘rniga Timur Ishmetovni Markaziy bank raisi etib tayinladi. Bank-moliya sohasi vakillari va jamoatchilik faollari ijobiy reputatsiyaga ega Nurmurodovning lavozimdan olinishini avvaliga biroz xavotir bilan qabul qildi, keyinroq uning o‘rnini Ishmetov egallashi ma’lum bo‘lgach, ulardagi bu xavotirlar arigani sezildi.

64 yoshli Mamarizo Nurmurodov – O‘zbekiston Markaziy bankining ikkinchi raisi edi. Bunga qadar mamlakat pul-kredit siyosati regulyatoriga 1991 yildan to 2017 yilgacha Fayzulla Mullajonov rahbarlik qilgan. Mullajonov 2017 yil may oyida vafot etgach, Markaziy bankka Mamarizo Nurmurodov rais, Timur Ishmetov esa uning birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan va shundan keyin ko‘p o‘tmay valuta konvertatsiyasi ochilgan edi.

Umuman, bu ikki moliyachi ham prezident jamoasidagi islohotparvar texnokratlar sifatida obro‘ qozongan. Xususan, bevosita Nurmurodov rahbarligida O‘zbekiston bank-moliya tizimi ochiq konvertatsiya sharoitida ancha epaqaga keltirildi, naqd va naqdsiz to‘lovlar o‘rtasidagi farq minimum darajaga tushirildi. Chorshanba kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda uni lavozimidan bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov kuzatib qo‘ydi.

Markaziy bankning yangi raisi – 45 yoshli Timur Ishmetov 24 yillik mehnat faoliyatining 19 yilini aynan Markaziy bankda o‘tkazgan. U 2020-2022 yillarda moliya vaziri bo‘lib ishlagan, 2023 yildan buyon administratsiyada iqtisodiyot bo‘yicha prezident maslahatchisi Ravshan G‘ulomovning birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgandi.

Tayinlovning ertasiga Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qilindi. Regulyator bayonotida aytilishicha, ob-havo sovushi va energetika tariflarining bahorga belgilangan navbatdagi oshirilishi inflyatsion kutilmalarga ta’sir o‘tkazyapti, shu sabab kelgusida asosiy stavka oshirish tomonga qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Markaziy bank so‘rovlariga ko‘ra, noyabr oyida sezilgan inflatsiya 15 oylik maksimumga ko‘tarilib, 14,1 foizga yetgan. Ko‘pchilik odamlar go‘sht, sut, yoqilg‘i, elektr va gazning qimmatlashganini aytmoqda.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

2025 yilda darsliklar ijarasi uchun to‘lov olinmaydi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi kelgusi yilda maktab darsliklari va mashq daftarlari ijarasi uchun ota-onalardan to‘lov undirish rejasidan voz kechdi. Rasmiy bayonotda faqat 2025 yil haqida gap ketgan, shu sababli keyingi yillarda bu masala yana ko‘tarilishini istisno qilib bo‘lmaydi. Eslatib o‘tamiz, maktablarda darsliklar ijarasi uchun to‘lov 2022 yilda bekor qilingan, lekin 2025 yilgi Budjetnoma loyihasida to‘lovni qayta tiklash taklif etilgan edi.

Harakati cheklangan bolalarning maktabga kelib-ketish xarajati 75 foizi qoplab beriladi. Bu haqda prezident huzuridagi yig‘ilishda ma’lum qilindi. 1 fevralgacha har bir tumanda bittadan bog‘chada inklyuziv ta’lim guruhi ochilishi, 1 sentabrgacha salkam mingta maktabda inklyuziv sinflar tashkil etilishi kutilmoqda. 2025 yil oxirigacha respublikaning barcha hududlarida ijtimoiy karta tizimini ishga tushirish topshirig‘i berildi. Ijtimoiy karta bilan avtobus va metroda bepul yurish, elektr, gaz va o‘qish xarajatiga kompensatsiya olish mumkin bo‘ladi, nafaqa va yordam pullari ham shu kartaga tushadi.

O‘zbekiston aholisi 37,5 milliondan oshdi. Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 14 dekabr holatiga, respublikamizning doimiy aholisi soni qariyb 37 mln 550 ming kishini tashkil etmoqda. Aholining 49 foizi hamon qishloqlarda yashayapti. Ayni paytda, Yevroosiyo taraqqiyot bankining qayd etishicha, 2024 yil dekabriga kelib Markaziy Osiyo aholisi 80 million kishidan oshgan. Asr boshidan beri mintaqamiz aholisi 1,5 barobarga ko‘paygan.

O‘zbekiston xalq artisti To‘lqin Tojiyev vafot etdi. Teatr va kino aktyori, o‘zbek dublyaj san’atining darg‘alaridan bo‘lgan To‘lqin Tojiyev 88 yoshda edi. U faoliyati davomida milliy teatrda yuzdan ortiq rollarni ijro etgan, 1955 yildan buyon “O‘zbekfilm” kinostudiyasida o‘zbek tiliga o‘girilgan mingdan ortiq xorij filmiga ovoz bergan. To‘lqin Tojiyevning “Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi”, “Avtomobildan saqlaning” va boshqa ko‘plab kinolarga mahorat bilan ovoz bergani o‘zbek dublyaj san’atining oltin xazinasidan joy egallagan.

Mavzuga oid