Qoidabuzarlarni tiyadigan qonun va “quvg‘indi” daraxtlar - hafta dayjesti
Haydovchilarga qoidabuzarlik uchun jarima balli belgilash haqidagi qonun kuchga kirdi. Toshkentda o‘nlab daraxtlar kesildi, Farg‘onada yuzlab, Buxoroda esa minglab daraxtlar ko‘chirib o‘tkazilmoqda. Koloniyalarda uch kun ichida ikkita mahkum vafot etdi. O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishiga uzog‘i 1 yil qolgani aytilyapti. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.
Cheksiz qoidabuzarlik “huquqi” bekor qilinmoqda
Haydovchilarga qoidabuzarligi uchun jarima balli hisoblash ko‘zda tutilgan qonun nihoyat, 21 fevraldan e’tiboran kuchga kirdi. Unga ko‘ra, 13 turdagi qoidabuzarliklar uchun maksimal 2 ballgacha bo‘lgan jarima ballari hisoblab boriladi. Bir oy ichida hukumat qarori qabul qilinib, qaysi qoidabuzarlik uchun qancha ball berilishiga aniqlik kiritilishi kerak.
Har bir ballning amal qilish muddati – 1 yil. Qoidabuzarning “jamg‘armasi” 12 ballga yetganda, u haydovchilik guvohnomasidan kamida 6 oyga mahrum etiladi. Belgilangan muddat o‘tgach, fuqaro guvohnomasini qaytarib olish uchun imtihon topshirishiga to‘g‘ri keladi. Avtomobil boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxs, ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin yana rulga o‘tirsa, endi jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Qonun bilan, ma’muriy kodeksga “yo‘l bezoriligi” degan yangi modda kiritilyapti. Yo‘l bezoriligi deganda, haydovchining boshqa haydovchilar harakatiga qasddan to‘sqinlik qilishi, avtomobilni sababsiz sirpantirishi (ya’ni drift qilishi), harakatlanish bo‘lagini sababsiz uch va undan ortiq marta keskin o‘zgartirishi, umuman, yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsiz harakatlanishiga to‘sqinlik va ularga hurmatsizlik deb baholanadigan har qanday harakatlar tushuniladi. Buning uchun belgilangan jazo anchagina qat’iy: yo‘lda bezorilik qilgan haydovchilar birinchi martasidayoq kamida 1 yilga haydovchilik guvohnomasidan ayriladi va BHMning 25 barobari miqdorida jarimaga tortiladi.
Guvohnoma olib qo‘yiladigan qoidabuzarliklar qatoriga yana bir modda qo‘shilmoqda. Agar haydovchi ichki ishlar organi xodimlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talablarini ketma-ket bir necha marta uzrli sabablarsiz bajarmasa, transport vositalarini boshqarish huquqidan 1 yilga mahrum etilib, BHMning 30 barobari miqdorida jarimaga tortiladi.
Bundan tashqari, qonundan organ xodimlarining tasvirlariga oid o‘sha mashhur modda ham o‘rin olgan. Demak, rasman kuchga kirgan qonun talabi quyidagicha: huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan foto yoki videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish – BHMning 20 baravaridan 50 baravarigacha jarima yoki 10 sutkagacha ma’muriy qamoq bilan jazolanadi. Eslatib o‘tamiz, huquqni muhofaza qiluvchi organlar qatoriga sud, prokuratura, ichki ishlar, davlat xavfsizlik xizmati, adliya va bojxona organlari kiradi.
Ekologiya: yangi qonunlar va ayanchli reallik
Qurilish ketayotgan maydondan atrofga chang tarqalishiga yo‘l qo‘yganlar javobgarlikka tortiladi. Senat ma’qullagan qonunga ko‘ra, 500 kvadrat metr va undan ortiq o‘lchamdagi qurilish maydonida chang va qum zarralarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etmagan mansabdor shaxslar 3 mln 750 ming so‘m ma’muriy jarima to‘laydi. Huquqbuzarlik takroran sodir etilsa, jarima miqdori 18 mln 750 ming so‘mni tashkil etadi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘lchami 5 sotixdan katta bo‘lgan ochiq qurilish maydonidan yiliga o‘rtacha 50 tonna chang havoga ko‘tariladi. Shaharsozlik qoidalariga binoan, quruvchi changni bostirish uchun osma yomg‘irlatgich va suv purkagichlardan foydalanishi kerak.
Senat ma’qullagan yana bir qonun – istirohat bog‘lari joylashgan yerlarni xususiylashtirishni taqiqlash haqida. Qonun bilan, aholi dam olishi uchun foydalaniladigan yerlarni xususiylashtirish, ularning hududlarini qisqartirish va bu hududlarda bino-inshootlar qurish taqiqlanishi aytilmoqda. Taqiqni buzganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi. Shu bilan birga, parklarni 49 yilga xususiy sektor boshqaruviga berib yuborish holatlari to‘xtatiladimi–yo‘qmi, noma’lum bo‘lib qolmoqda.
Bu qonun ma’qullanishidan bir necha kun oldin, Toshkent shahridagi “Anhor Lokomotiv” parki hududida mehmonxona va turar joy binolari qurilishi haqidagi xabarlar tarmoqlarda ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘ldi. Faollar bu qurilishga qarshi petitsiya ham boshlashdi. Park hududidagi savdo markazida joylashgan do‘konlar faoliyatini to‘xtatgani xavotirlarni yanada kuchaytirdi. Ammo xayriyatki, shov-shuv boshlanganidan bir necha kun o‘tib bo‘lsa-da, rasmiylar raddiya bilan chiqib, park buzilmasligini e’lon qildi. “Bugungi kunda bog‘ o‘z holicha qolmoqda va hech qanday qurilish rejalashtirilmagan”, deya ma’lum qildi Qurilish vazirligi. Golden House'ning muassisiga ko‘ra, internetda tarqalib ketgan vizualizatsiya kompaniyadan 2024 yilda ketgan sobiq xodimning ichki taqdimoti bo‘lgan.
Hafta davomida ekologiyaga befarq bo‘lmaganlarni tashvishga solgan boshqa yangiliklar ham yashil hududlarga taalluqli. Toshkent shahridagi Bo‘rijar kanali bo‘yida 37 tup daraxt kesib ketildi. Quvasoyda esa shaxsan hokimning nazorati ostida 300 ga yaqin daraxt qo‘porib tashlandi. Quvasoy shahri prokuraturasining shundoqqina qarshisida joylashgan ko‘plab daraxtlar boshqa joylarga ko‘chirib o‘tkazilgan. Maqsad – daraxtzor o‘rnida “dom”lar qurish. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bu – shahar hokimi Zafar To‘raqulovning tashabbusi bo‘lgan, ekologiya organidan esa rozilik olinmagan. Viloyat ekologiya boshqarmasi boshlig‘i chora ko‘rishga va’da berdi.
Toshkentda 37 tup, Quvasoyda salkam 300 tup daraxt qo‘porilgani ma’lum bo‘lgan haftada, Buxorodan kelgan xabarlar bundan-da ayanchli. O‘zi shundog‘am aksariyat hududi cho‘llardan iborat Buxoro viloyatida yo‘lni kengaytirish uchun 1824 ta daraxt “quvg‘in qilinyapti”. Rasmiylarga ko‘ra, bu daraxtlar Kogon–Buxoro yo‘lini rekonstruksiya qilishga go‘yoki xalal bergan. Viloyat ekologiya boshqarmasining 17 fevraldagi axborotida aytilishicha, ko‘chiriladigan 1800dan ortiq daraxtning 151 tupi ko‘chirib bo‘lingan. Ekologiya organi bayonotida, bu jarayon qonunchilikka muvofiq bo‘layotgani aytilgan.
E’tiborlisi, “qonunchilikka muvofiq” deb aytilayotgan bu minglab daraxtlarni ko‘chirishga 2023 yilda Ekologiya vazirligi rozi bo‘lmagan edi. O‘shanda vazirlik Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida yo‘llarni ta’mirlash uchun jami 53 174 ta daraxtni ko‘chirib o‘tkazishga rad javobini bergandi. Jamoatchilikni shokka tushirgan bu holatga o‘shanda Qonunchilik palatasi ham befarq qaramagan, palata spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev “bu masalaga parlament tomoshabin bo‘lib turmaydi” deb va’da bergandi. Ikki yil oldin aytilgan 53 mingdan ortiq daraxtning nechtasi oxir-oqibat baribir ko‘chirilayotgani ma’lum emas.
Toshkent viloyatidagi qamoqxonalarda saqlanayotgan 2 nafar mahkum vafot edi
Ulardan biri, 21 yoshda bo‘lgan yigitda infarkt kuzatilgani aytilyapti. Olmaliqdagi 14-sonli koloniyada jazo o‘tagan Muhammadqodir Po‘latov, koloniya ma’muriyatining aytishicha, miokard infarkti va pankreatitning og‘ir formasi oqibatida vafot etgan. Lekin uning yaqinlari bunga ishonmayapti. Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovning so‘zlariga ko‘ra, marhumning onasi u bilan voqeadan 20 kun oldin uch kunlik uchrashuvda bo‘lgan, o‘shanda Muhammadqodirning sog‘ligi yaxshi bo‘lgan. Onaning aytishicha, o‘g‘li yoshligidan sport bilan shug‘ullangan, ushu bo‘yicha xalqaro turnirlar g‘olibi bo‘lgan, biror marta sog‘ligidan shikoyat qilmagan.
Bu holatda koloniya ma’muriyati mahkumning og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani haqida uning yaqinlariga vaqtida xabar bermagani shubhali deb qaralyapti. Bosh prokuratura holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.
Ikkinchi o‘lim holati bo‘yicha esa jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov boshlangan. Bosh prokuraturaga ko‘ra, 16 fevral kuni Toshkent viloyatidagi Tovoqsoy qamoqxonasida jazo o‘tayotgan mahkum Mustafo Tursunboyev devor bosib qolishi oqibatida vafot etgan. Ombudsman bayonotida aytilishicha, koloniya hududidagi eski oshxona binosini buzish vaqtida ehtiyotsizlik sababli devorning bir qismi mahkumning ustiga qulagan. U shifoxonaga olib borilganidan 5 kun o‘tib, og‘ir jarohatlar sabab vafot etgan. Holat bo‘yicha “mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish” moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishiga uzog‘i 1 yil qolgani aytildi. Bosh muzokarachi Azizbek Urunovning aytishicha, O‘zbekiston JSTning 2026 yil 26-29 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan sammitiga qadar tashkilotga a’zo bo‘lib kirish niyatidan qaytmagan. “Qaror qat’iy, 2026 yilga ko‘p vaqt qolmadi”, dedi Urunov. Avvalroq Soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Mubin Mirzayev, O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganidan keyin yirik korxonalarga beriladigan o‘tish davri imtiyozlari muddati 2 yoki 3 yil bo‘lishini aytgandi.
Ortda qolgan hafta o‘zbek so‘mi uchun favqulodda muvaffaqiyatli bo‘ldi. 14 fevraldan beri so‘m dollarga nisbatan faqat mustahkamlanib boryapti. Dollarning rasmiy kursi 13 fevraldagi 13 ming so‘mlik maksimumdan keyin ketma-ket 6 savdo kunida pasayib, 21 fevralda 12 916 so‘mgacha tushdi. Bu – 3 yanvardagi kurs bilan deyarli teng. Bu holat AQSh–Rossiya munosabatlaridagi iliqlashuv ortidan rubl va tenge kursining dollarga nisbatan mustahkamlanayotgani bilan qanchalik bog‘liq – bu borada hozircha rasmiy izohlar bo‘lmadi.
O‘zbekiston armiyasida dronlar va ularga qarshi kurashish bo‘linmalari tashkil etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan xavfsizlik sohasidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi. Rasmiy xabarga ko‘ra, qo‘shinlarda dronlar va ularga qarshi kurashish, sun’iy intellekt bilan ishlaydigan kibertuzilmalar, robotlashgan texnikalarni qo‘llash va havo hujumidan mudofaa bo‘yicha yangi bo‘linmalar tashkil etiladi. Sun’iy intellektga asoslangan qo‘shinlarni avtomatlashtirilgan yagona boshqarish tizimini yaratish topshirig‘i berildi.
Sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilov O‘zbekistondagi bizneslarini kengaytirmoqda. Unga tegishli firma mamlakatdagi yirik qurilish shirkatlaridan biri bo‘lmish “Trest-12”ni xususiylashtirib oldi. Kompaniyaning 51 foiz ulushi 111 mlrd so‘mga baholangan. Eslatib o‘tamiz, “Trest-12” qurilishlarga oid trillionlab so‘mlik davlat buyurtmalarini tendersiz olib kelgani bilan jamoatchilik e’tiboriga tushgan. Sobiq qurilish vaziriga aloqador bo‘lgan kompaniya aynan qurilish sohasida davlat buyurtmalarini olishi manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘lib kelganini 4 yil oldin Aksilkorrupsiya agentligi ham tasdiqlagan edi.
Komil Allamjonovning yordamchilari 15 sutkaga nohaq qamalgani oydinlashdi. Oliy sud qaroriga ko‘ra, Allamjonovga nisbatan uyushtirilgan suiqasdning ertasiga uning qo‘l ostida ishlagan 7 kishi asossiz ravishda ma’muriy qamoqqa olingan. Bunda eng ko‘p ishlatiladigan “navbatchi moddalar” – mayda bezorilik va ichki ishlar xodimining talabini bajarmaslik ayblovidan foydalanilgan. Oliy sud fuqarolarning nohaq 15 sutka o‘tirib chiqishiga sabab bo‘lgan xodim va sudya ustidan Ichki ishlar vazirligi va Sudyalar malaka hay’atiga taqdimnoma kiritdi.
Mubashshir Ahmad taxallusiga ega taniqli diniy ulamoga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi. Avvaliga Ichki ishlar vazirligi u taqiqlangan tashkilotlar bilan bog‘liq jinoyatda ayblanayotgani haqida xabar bergan edi, keyinchalik advokatlari buni rad etdi. Ma’lum bo‘lishicha, Alisher Tursunov Telegram-kanalidagi postlari sabab diniy material tarqatish tartibini buzganlikda ayblanmoqda. Shayxontohur tuman sudi uni ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish haqidagi prokuror iltimosini rad etgan. Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ayblov moddasini noto‘g‘ri e’lon qilganini “texnik xatolik” bilan izohladi.
Tavsiya etamiz
“Kontraktga kirsang o‘qita olmaymiz deyishgan” – orzular yo‘lida stereotiplarni yengib o‘tgan navoiylik qiz hikoyasi
Jamiyat | 20:50 / 25.03.2025
AESda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining narxi qancha bo‘ladi?
O‘zbekiston | 18:04 / 25.03.2025
JCh-2026 saralashi: Eronga qarshi o‘yin oldidan
Sport | 15:16 / 25.03.2025
O‘sishdan to‘xtashi mumkin - mutaxassis bolalarda uyqu yetishmasligi oqibatlaridan ogohlantirdi
Jahon | 13:12 / 25.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Davlat zaxirasidagi 2 gektar yerni 100 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
Jamiyat | 10:55
-
Tramp avtomobillar importiga 25 foizlik tariflar haqida e’lon qildi
Jahon | 10:22
-
Yangiyo‘lda qurilish kranining o‘q qismi bog‘cha tomiga quladi
Jamiyat | 10:17
-
Hayit bayrami kuni Toshkent metrosi 04:00 dan ish boshlaydi
Jamiyat | 09:46
Mavzuga oid

16:46 / 25.03.2025
Tez yurishga rag‘bat yoxud yana 10 km/h «pogreshnost» haqida

22:55 / 22.03.2025
Tezlikni oshirishga ruxsat, Temu'ga taqiq va eksportga bojlar - hafta dayjesti

15:33 / 21.03.2025
Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun jarima ballari to‘g‘risidagi qaror loyihasi e’lon qilindi

10:03 / 18.03.2025