Kun.uz Toshkentdagi Gold terapi klinikasi va uning asoschisi Xayrulla Qosimovning faoliyatidan norozi murojaatlarni e’lon qilgan edi. Unda murojaatchilar xonanda Samandar Hamroqulov ishtirokidagi roliklarni va Chotki tv kanalidagi reklamani ko‘rib muolajaga katta miqdorda pul to‘lashganini va jarayonda ularga psixotrop ichimlik ichirilganini iddao qilishdi. Shundan keyin tahririyatga murojaatlar oqimi yanada ko‘paydi.

O‘zbekiston ahlidan, “men Samandarni ko‘rib bordim” deganlarning hammasidan uzr so‘rayman

Xususan o‘sha ko‘rsatuvda tilga olingan xonanda Samandar Hamroqulov izoh berishini ma’lum qildi.

Xonandaning aytishicha, u ham shu ichimlik ta’sirida bo‘lgan, ammo ko‘rsatuvni ko‘rgunga qadar bu haqida o‘zi ham bilmagan. Tanishlarning tavsiyasi bilan xotiraning pasayishi, uzluksiz charchoq, uyqusizlik sababli “professor” qabuliga borgan va uning ta’siriga tushib qolgan:

“Kun.uz’dagi suhbatni ko‘rganimda biri 16 ming, biri 15 ming dollar deganlarni ko‘rdim. Ayniqsa parkinson tashxisli yigitning “mening oxirgi umidimni pul qildi Xayrulla Qosimov” degani menga yomon ta’sir qildi. Shuning uchun keldim men bu yergaki, odamlar haqiqatni bilsin. Men endi tushunyapman, men bilan podkast uchun kelgan, “davolandim, tuzaldim” deganlarning hammasi aktyor ekan. Ko‘rsatuvni ko‘rganimdan keyin chidab turolmadim, yomon vijdon azobida qoldim. Men igna bilan quduq qaziyotgan odamman.

Har qanday yaltiragan narsa tilla bo‘lavermas ekan. Oz vaqtda katta rezultat va’da qilyaptimi – har doim shubha bilan qarang. Menga o‘xshab yomon holatga tushib qolmang. O‘zbekiston ahlidan, “men Samandarni ko‘rib bordim” deganlarning hammasidan uzr so‘rayman”.

Xayrulla Qosimovning qabulida unga katta miqdorda – 60000 dollar pul tutqazadi va shunaqa ko‘p pul topishini va’da qiladi. Muolajasiga hozir to‘lasa 20 mln to‘lashini, agar keyinroq yoki bo‘lib to‘lasa 90 mln bo‘lishini aytgan.

“Suhbat paytida menga termosdan damlama quyib berdi. O‘tdan bo‘lgan damlama. “Shuni iching, bu ichingizdagi programmalarni tozalaydi”, dedi. Suhbat davomida amin bo‘ldimki, u meni tuzata oladi. Chunki hech ikkilanmasdan, ishonch bilan gapiryapti.

15 yoki 16 mln chiqdi bor pulimiz, shuni to‘ladim. “Bu kam, aslida bunaqa pulga davolamayman. Lekin sizga bitta xizmat bor, sizni davolayman shu pulga. Faqat o‘zgarish bo‘lgandan keyin siz bitta intervyu berasiz, unda yaxshi bo‘lganingizni aytasiz”, dedi. Rozi bo‘ldim”.