Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi «foizsiz kredit olib berish» vaʼdasi bilan yuzlab fuqarolarning yirik miqdordagi mablagʻlarini oʻzlashtirgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi. Bu haqda boshqarma matbuot xizmati xabar qildi.
Maʼlum boʻlishicha, guruh aʼzolari internetda foizsiz yoki imtiyozli shartlarda kredit olib berishni vaʼda qilib soxta eʼlonlar joylashtirgan.
Qiziqish bildirgan fuqarolar oldindan ijaraga olingan hashamatli ofislarga taklif qilingan. Ular fuqarolarga kreditni oʻz nomlariga rasmiylashtirib berishni taklif qilib, buning evaziga ajratilgan mablagʻning maʼlum qismini oʻzlashtirishgan.
Firibgarlar fuqarolarga «Cizning nomingizga 100 mln soʻm kredit olib beramiz. Uning 50 mln soʻmi sizga beriladi, qolgan 50 mln soʻmi esa kompaniyada qoladi. Kreditning oylik toʻlovlarini esa oʻzimiz toʻlab boramiz, sizga hech qanday muammo boʻlmaydi», deya vaʼda berishgan.
Ularning yolgʻon vaʼdalariga ishongan fuqarolar oʻz telefonlari orqali kredit rasmiylashtirish jarayonlarini amalga oshirgan. Natijada, 400 dan ortiq fuqaroning nomiga kreditlar rasmiylashtirilib, ajratilgan mablagʻlarning teng yarmini firibgarlar qoʻlga kiritishgan. Oʻzlashtirilgan mablagʻlarning umumiy miqdori qariyb 17 milliard soʻmni tashkil etadi.
Oradan maʼlum vaqt oʻtgach, fuqarolarga banklar tomonidan kredit qarzdorligini undirish boʻyicha talabnomalar yuborila boshlangan.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Tergovga qadar tekshiruv va tezkor tadbirlar davomida jinoiy guruhning 6 nafar aʼzosi gumonlanuvchi tariqasida ushlangan va qamoqqa olingan. Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
IIBB fuqarolarni internetdagi «foizsiz kredit», «juda kam foizli kredit», «hujjatsiz kredit» kabi shubhali va soxta kredit takliflariga ishonmaslikka hamda ogoh boʻlishga chaqirdi.














