Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-sentabrdagi 527-son qarori bilan elektr energiyasining ulgurji va çakana bozori tamoyillariga ötişning birinçi - «Ikki tomonlama şartnomalar asosidagi xaridlar» bosqiçi uçun qoidalar tasdiqlandi.
Hujjat elektr energiyasini sotiş va sotib oliş, uni uzatiş va taqsimlaş xizmatlari hamda bozor iştirokçilari örtasidagi hisob-kitoblarni tartibga soladi.
Qoidalarga köra, ulgurji bozorda yirik isteʼmolçilar mustaqil işlab çiqaruvçilar bilan ikki tomonlama şartnoma tuzib, elektrni kelişilgan narxda sotib olişi mumkin. Elektrni tarmoq orqali uzatiş va taqsimlaş xizmati uçun haqni qaysi tomon tölaşi şartnomada belgilanadi.
Yirik isteʼmolçi sifatida 6 kilovolt va undan yuqori kuçlanişli tarmoqqa ulangan, yillik elektr isteʼmoli kamida 10 million kilovatt-soat bölgan isteʼmolçilar belgilangan.
Biroq byudjet taşkilotlari, kommunal xizmat körsatuvçi taşkilotlar, davlat byudjetidan moliyalaştiriladigan suv taʼminoti va suv nasos stansiyalari, fermer xöjaliklari hamda mobil aloqa operatorlari uşbu toifadan mustasno qilingan.
Çakana bozorda esa quvvati 5 megavattgaça bölgan mikro va kiçik elektr stansiyalari öz hududidagi taqsimlaş tarmoğiga ulangan isteʼmolçilarga özaro kelişilgan narxda elektr sotişi mumkin. Bunda hudud deganda Qoraqalpoğiston Respublikasi, tegişli viloyat yoki Toşkent şahri nazarda tutiladi. Bu imkoniyat maişiy isteʼmolçilarga tatbiq etilmaydi.
Maişiy isteʼmolçilar elektrni tayinlangan taʼminotçidan tartibga solinadigan tarif asosida oladi. Hujjatda aholi uçun yangi tarif miqdorlari belgilanmagan.
Ikki tomonlama şartnomalarning amal qiliş muddati bir yildan oşmaydi. Elektr hajmlari har bir soat kesimida rejalaştiriladi va hisob-kitob qilinadi. Şartnomada elektr miqdori, narxi yoki uni aniqlaş formulasi, tölov şartlari, tarmoq xizmatlari xarajatlari hamda zararni qoplaş tartibi körsatilişi lozim.
Yirik isteʼmolçi bir neçta mustaqil işlab çiqaruvçi bilan şartnoma tuzişi mumkin. Maişiy bölmagan isteʼmolçilar ham bir neçta mikro va kiçik elektr stansiyasidan energiya xarid qiliş huquqiga ega.
Şartnomalar bozor operatori tomonidan röyxatdan ötkaziladi va röyxatga olingan paytdan kuçga kiradi.
Birinçi bosqiçda bozor operatori vazifalari markaziy xarid qiluvçi - «Özenergosotiş» AJga yuklatiladi. Savdo operatsiyalari elektr energiyasini hisobga oliş va hisob-kitob qilişga möljallangan CAS hamda Billing tizimlari orqali amalga oşiriladi.

















