Vazirlar Mahkamasining «Tölovga qobiliyatsizlik sohasida davlat boşqaruvini amalga oşirişda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati samaradorligini oşiriş töğrisida»gi qarori loyihasi işlab çiqildi.
Hujjat Özbekiston prezidentining 2026-yil 6-maydagi «Tölovga qobiliyatsizlik institutini yanada takomillaştiriş çora-tadbirlari töğrisida»gi PF–78-son farmoni hamda «Tölovga qobiliyatsizlik sohasida davlat boşqaruvi tizimini isloh qiliş çora-tadbirlari töğrisida»gi PQ–172-son qarori ijrosini ta’minlaşga qaratilgan.
Loyihaga köra, Özbekiston sud boşqaruvçilari assotsiatsiyasi negizida Özbekiston Sud boşqaruvçilari palatasi taşkil etiladi. Unga barça sud boşqaruvçilarining a’zo bölişi majburiy böladi.
Palata yuridik şaxs maqomiga ega notijorat taşkilot bölib, Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahridagi hududiy bölinmalari bilan birgalikda sud boşqaruvçilarini birlaştiruvçi yagona özini özi boşqariş tizimini taşkil etadi.
Palata sud boşqaruvçilarining qonunçilikka muvofiq amalga oşiradigan faoliyatiga aralaşmaslik prinsipi asosida işlaydi.
Taşkilot sud boşqaruvçilarining kiriş va a’zolik badallari, homiylik mablağlari, xalqaro taşkilotlar grantlari hamda qonunçilikda taqiqlanmagan boşqa manbalar hisobidan moliyalaştirilişi közda tutilgan.
Şuningdek, yangi palata Özbekiston sud boşqaruvçilari assotsiatsiyasining huquq va majburiyatlari böyiça huquqiy vorisi böladi.
Sud boşqaruvçilarining reytingi yuritiladi
Palataning asosiy vazifalaridan biri sud boşqaruvçilari faoliyatini muvofiqlaştiriş va sohada yagona amaliyotni şakllantiriş böladi.
U sud boşqaruvçilarining kasbiy tayyorgarligi va malakasini oşirişni taşkil etadi, ular faoliyatiga oid statistik ma’lumotlarni töplaydi va tahlil qiladi, ijobiy tajribalarni ommalaştiradi hamda uslubiy yordam körsatadi.
Palata tölovga qobiliyatsizlik sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini işlab çiqişda ham iştirok etadi.
Bundan taşqari, davlat organlari, boşqa taşkilotlar va sudlarda sud boşqaruvçilarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ifodalaş va himoya qiliş palataning vazifalaridan biri böladi.














