O‘zbekiston | 21:16 / 26.03.2025
9148
5 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p qavatli uylarni isitish yopiq tizimga o‘tadi. Bu qanday ishlaydi?

Ko‘p kvartirali uylar, maktab, bog‘cha va shifoxonalarni isitish ochiq tizimdan yopiq tizimga o‘tkaziladi. Bu orqali energoresurslar tejaladi, aqlli hisoblagichlar o‘rnatilishi evaziga suv harorati va bosimi aniq ko‘rinib turadi, jo‘mrak ochilganda issiq suv kelishini uzoq kutishga to‘g‘ri kelmaydi. Qurilish va uy-joy kommunal vazirligi Kun.uz'ga yopiq tizimning afzalliklari haqida ma’lumot berdi.

Foto: Kun.uz

11 mart kuni “Uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi.

Unda ko‘p kvartirali uy-joylar va ijtimoiy soha muassasalariga 8 681 ta individual issiqlik punktlarini o‘rnatish (2025 yilda 480 ta) orqali markazlashgan issiqlik ta’minotini yopiq tizimga o‘tkazish dasturini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Kun.uz Qurilish va uy-joy kommunal vazirligidan yopiq tizim qanday ishlashi borasida izoh oldi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, o‘tgan davrda issiqlik energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar sinovdan o‘tkazilgan hamda markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimini bosqichma-bosqich yopiq tizimga o‘tkazish ishlari boshlangan.

“Bunda har bir ko‘p qavatli uyning yerto‘la qismida individual issiqlik punktlari o‘rnatish tashkil etiladi. Individual issiqlik punktlari (IIP) “ochiq” issiqlik ta’minoti tizimini “yopiq” tizimga o‘tkazish uchun mo‘ljallangan qurilmadir.

Ochiq” issiqlik ta’minoti tizimida qozonxonadan beriladigan issiq suvning bir qismi to‘g‘ridan to‘g‘ri kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun ishlatiladi va issiqlik energiyasi manbaga qaytarilmasdan, iste’molchilar tomonidan oqizib yuboriladi.

Yopiq” issiqlik ta’minoti tizimida esa issiqlik tashuvchi, iste’molchining individual issiqlik punktlari orqali o‘z issiqligini berib, harorati pasaygan va hajmini yo‘qotmagan holda issiqlik manbayiga qaytariladi. Ya’ni issiqlik ta’minoti korxonalaridan kelgan issiq suv iste’molchiga yetarli haroratni berib, hajmi yo‘qolmagan holatda, ortga qaytariladi. Issiqlik tarmoqlaridagi me’yoriy yo‘qotishlar bundan mustasno”, – deyiladi vazirlik bergan izohda.

Ta’kidlanishicha, yopiq tizimning bir qator afzalliklari bor, xususan:

  • “yopiq” tizimga o‘tish orqali, avvalo, qozonxonalarda kimyoviy tozalangan suv tejab qolinadi;
  • iste’molchi, ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot va issiqlik ta’minoti korxonasi o‘rtasida aniq hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi, boisi har bir individual issiqlik punktlarida zamonaviy, aqlli hisoblagichlar o‘rnatiladi;
  • iste’molchilarga yetkazib berilayotgan issiqlik energiyasining miqdori, harorati va bosimi to‘g‘risidagi ma’lumotlar real vaqt rejimida qayd etib boriladi, bunda iste’molchi ham, ta’minotchi ham aniq ko‘rsatkichlarga ega bo‘ladi;
  • issiqlik ta’minoti sifati oshadi, chunki individual issiqlik punktlarining isitish blokidagi nasoslar uy ichki isitish tizimidagi radiatorlarda issiqlik tashuvchining bir maromda aylanishini ta’minlaydi: bitta xona isib, ikkinchisi isimay qolishi kabi holatlar bartaraf etiladi;
  • ko‘p qavatli uyning so‘nggi qavatidagi xonadonlarda ham sutkaning istalgan vaqtida issiq suv jo‘mragi ochilgan zahoti issiq suv tushishiga erishiladi;
  • tashqi havo haroratiga qarab issiqlik ta’minoti haroratini avtomatik sozlash imkoniyati yaratiladi; buning natijasida issiqlik energiyasi iqtisod qilinadi va bu o‘z o‘zidan issiqlik ta’minoti uchun oylik to‘lovlar kamayishiga zamin yaratadi;
  • individual issiqlik punktlari raqamlashtirilgani hisobidan hududlar va respublika miqyosidagi ko‘p qavatli uylardagi issiqlik energiyasi parametrlarini monitoring qilish, nosoz ehtiyot qismlari bo‘yicha ma’lumotlarni onlayn olish va ularni o‘z vaqtida bartaraf etish imkoniyati yaratiladi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, issiqlik ta’minotini ochiq tizimdan yopiq tizimga o‘tkazish orqali 7 foizdan 10 foizgacha energiya resurslarining tejalishiga erishiladi.

“2018-2024 yillar davomida barcha dasturlar doirasida 98 ta loyiha respublikaning barcha hududlarida amalga oshirildi. Bunda 82 ta qozonxona va 320 km uzunlikdagi issiqlik tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlangan. Yopiq issiqlik ta’minoti tizimini tashkil etish uchun 973 ta individual issiqlik punktlari o‘rnatilgan.

Sohada amalga oshirilayotgan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari deysizmi, Jahon banki mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida deysizmi, barcha loyihalarda individual issiqlik punktlari o‘rnatish orqali bosqichma-bosqich yopiq tizimga o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda”, – deyiladi vazirlik xabarida.

Bundan tashqari, issiqlik tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida issiqlikni saqlovchi, shu jumladan, penopoliuretandan tayyorlangan polimer izolyatsiyali va himoya qobig‘iga o‘ralgan, kanalsiz yotqizish imkonini beruvchi quvurlar yotqizilyapti.

Mavzuga oid