Rossiyaning Bonndagi bosh konsulxonasi muddatidan oldin oʻz faoliyatini toʻxtatganini maʼlum qildi.
«Germaniya hukumatining Rossiyaning Bonndagi bosh konsulxonasini 2026-yil 18-sentabrga qadar yopish toʻgʻrisidagi qarori munosabati bilan barcha konsullik masalalari boʻyicha fuqarolarni qabul qilish bekor qilinadi», deyiladi diplomatik vakolatxona xabarida.
Rossiyaning Berlindagi elchixonasi maʼlumotiga koʻra, 1-sentabr kuni Rossiya elchisi Sergey Nechayev Germaniya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan. Unga 4-avgust kuni Leypsig/Halle aeroportida sodir boʻlgan dronlar bilan bogʻliq hujumga Moskva aloqadorligi yuzasidan norozilik bildirilgan.
Germaniya Rossiyani mazkur hujumni tashkil etishda ayblamoqda. Rossiya elchisi esa bu ayblovlarni rad etgan.
Rossiya elchixonasiga koʻra, Bonndagi bosh konsulxona va Berlindagi «Rus uyi»ning barcha xodimlari, shuningdek, ularning oila aʼzolariga Germaniya hududini imkon qadar tezroq tark etish koʻrsatmasi berilgan.
Bonndagi diplomatik vakolatxona Rossiyaning Germaniya hududidagi soʻnggi bosh konsulxonasi edi. Uning yopilishi ortidan mamlakatdagi Rossiya fuqarolari konsullik xizmatlaridan foydalanish uchun faqat Rossiyaning Berlindagi elchixonasiga murojaat qilishi mumkin boʻladi.
Avvalroq Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohann Vadeful Bonndagi Rossiya bosh konsulxonasi 18-sentabrga qadar yopilishini maʼlum qilgan edi.
Berlin, shuningdek, Moskvaga nisbatan choralar doirasida Berlindagi «Rus uyi» faoliyatiga asos boʻlgan kelishuvni bekor qilishga qaror qilgan.
Germaniya hukumati bu qarorlarni 4-avgust kuni Leypsig/Halle aeroportidagi dronlar bilan bogʻliq hujumga urinish uchun Rossiyani javobgar deb hisoblashi bilan izohlamoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa Germaniyaning «Rus uyi» boʻyicha qarorini tanqid qilib, Berlin uning faoliyatini toʻxtatish uchun bahona izlaganini iddao qildi.







