Assalomu alaykum. Bugun 6 aprel, yakşanba. Martning oxirgi haftalarida bir neça kun tinmay yomğir yoğgandi. Öşa havo oqimida boşqalardan ortda qolib ketgan bulutlar osmonimizdan bemalol suzib ötmoqda. Aprelning salqin oqşomlarida bizning Samarqand ayniqsa gavjum bölyapti. Keçqurun Registon maydoni atrofida oyoq qöyadigan joy topiş qiyin.
Şahrimizda sayyohlik mavsumi avjida. Bahorda şahar xorijlik sayyohlarning sevimli manziliga aylanadi. Mehmonxonasi, sayyohlik şirkati yoki oşxonasi borlar qöli-qöliga tegmay işlayapti, barakasini bersin. Şu örinda barçangizni sayohat qilişga çorlaymiz. Özbekistonda çiroyli, bahavo joylar juda köp axir.
Aprelning ajoyib kunida hafta davomida dunyoda nimalar sodir bölganini yodga olamiz. Iltimos, YouTube-kanalimizda yuklangan videoga like bosing, izohlarda fikringizni qoldiring. Şu tariqa videomizni imkon qadar köproq odam körişiga yordam bergan bölasiz.
Tramp Rossiyadan boşqa hammaga boj kiritdi
Donald Tramp davlatlarga boj kiritişni juda yaxşi köradi. Axir u Amerika prezidenti, bu davlat kiritadigan bojlar istalgan boşqa davlatni qiyin ahvolga tuşirib qöyişi mumkin. Balki Trampga mana şu jarayonni kuzatiş yoqar.
Tramp bu gal mayda-çuyda qilib ötirmadi-da butun dunyodagi hamma davlatlarga import boji joriy qildi. Hatto kimsasiz orollarga ham. Barça uçun turliça foizlarda boj e’lon qilindi va Tramp xuddi burgerxonadagi menyuga öxşatib yasalgan katta qoğozdagi röyxatni maqtanib körsatdi.
Tramp imzolagan hujjatga köra, import bojlari faqat dori-darmon vositalari, yarimötkazgiçlar, yoğoç va ba’zi minerallarga nisbatan qöllanmaydi. Ular uçun keyinroq alohida boj e’lon qilinişi mumkin.
Qiziği, hatto kimsasiz orollar ham quruq qolmagan boj röyxatidan ikkita davlat tuşib qolgan: Rossiya va Belarus. Tramp ma’muriyatidagilar bu ikki davlatni esdan çiqargandir desak, Rossiya juda katta. Keyinçalik Tramp Amerika Rossiya bilan deyarli savdo qilmayotgani uçun boj röyxatiga qöşilmaganini aytdi. Lekin oxirgi yil davomida ikki davlat tovar aylanmasi 3,5 milliard dollardan oşgan.
Fransiyada siyosiy mojaro
Hafta davomida Fransiyada yirik siyosiy mojaro avj oldi. Fransiya muxolifati yetakçisi, amaldagi prezident Makronning asosiy raqibi Marin Le Pen 4 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Hukmga köra, Le Pen 5 yilga har qanday saylovda qatnaşa olmaydi. Jazoning ikki yili şartli qamoq hisoblanadi, ya’ni Le Pen bemalol ozodlikda yuraveradi. Keyingi ikki yilda esa u maxsus nazorat bilaguzugi taqib yurişga majbur böladi.
Parij sudi Le Pendan taşqari uning partiyasidan Yevroparlamentga saylangan 8 deputat va yana 12 yordamçisini Yevroparlament ajratgan pullarni nomuvofiq işlatişda aybdor deb topdi. Şu tariqa Le Pen 2027 yilgi saylovda nomzodini körsata olmaydi. Vaholanki, Makron qatnaşmaydigan bu saylovda Le Pen asosiy favorit bölişi kutilayotgandi. Ayblanuvçilar orasida Le Penning yanvar oyida 96 ga kirib vafot etgan otasi Jan-Mari Le Pen ham bor. Umumiy hisobda 21 kişi 7 million yevroni nomuvofiq işlatişda ayblangan. Ya’ni ular bu pullarni özlaştirişda emas, aynan notöğri işlatişda ayblangan.
Butun dunyoda Le Pen saylovda qatnaşiş huquqidan mahrum qilinganini qoralab çiqişdi. Le Penning tarafdori Bruno Golniş hukmga munosabat bildirarkan, «Iso payğambar ham aybdor deb topilgandi», deb aytdi.
Neft arzonladi
Donald Trampning import bojlari va Xitoyning javob çoralari fonida dunyo bozorida Brent markali neft narxi 1 barrel uçun 64,35 dollargaça tuşib ketdi. Bu oxirgi 4 yillikdagi eng past narx hisoblanadi.
Neft narxi tuşişiga OPEK+ davlatlari may oyida qazib olişni kuniga 411 ming barrelga oşiriş böyiça kelişib olgani ham sabab bölgan. Avvaliga ular kunlik qazib olişni 135 ming barrelga oşirişga kelişgandi. Xitoy AQŞdan keladigan har qanday mahsulotga 34 foiz qöşimça boj joriy qilgani narx tuşişini tezlaştirgan.
Endi heç qanday «qizil çiziq» yöqmi?
Uruş boşlanganidan keyin qizil çiziq degan ibora köz oldimizda qadrsizlanib bormoqda. Avval falon davlat falon işni qizil çiziq deb atadi deyişsa, demak öşa iş bölsa, dunyo ostin-ustun böladi, deb öylaşardi. Biroq endi bunaqa emas. Ayniqsa aksar çeklov va personal sanksiyalar şunçaki xöjakörsinga ekani körinib qoldi.
Masalan, ortda qolgan haftada kuzatilgan ikki taşrifga e’tiboringizni qaratmoqçiman. Rossiyalik muzokaraçi Kirill Dmitriyev 2-3 aprel kunlari Vaşingtonda Tramp ma’muriyati vakillari bilan muzokara ötkazişini aytdi. Ma’lumot uçun, aslida Ukrainada tuğilgan bu odam AQŞ sanksiyasiga tuşgan, rasman bu davlatga borolmaydi. Lekin bora olarkan. CNNning yozişiça, AQŞ unga viza beriş uçun vaqtinça sanksiyani bekor qilib turgan.
Yana bir taşrif Vengriyaga amalga oşirildi. Isroil boş vaziri Binyamin Netanyahu Budapeştga bordi. Uni tantanali kutib olişdi. Endi diqqat qiling, Binyamin Netanyahu Haagadagi xalqaro jinoyat sudi tomonidan Ğazodagi genotsidda aybdor deb topilib, hibsga olişga order berilgan. Vengriya esa Rim statutini ratifikatsiya qilgan. Bu kelişuvni imzolaş orqali davlatlar Haaga sudi order bergan odamlarning qölini qayirib uşlab, oyoğini yerga tekkizmay Niderlandiyadagi sudga olib borişga rasman va’da bergan. Lekin bunday bölmadi. Xuddi Möğuliston Putinni qölga olmagani kabi, Vengriya Netanyahuni qölga olmadi.
Yetmaganiga Viktor Orban boşçilik Vengriya Netanyahu taşrifidan keyin Xalqaro jinoyat sudi yurisdiksiyasidan çiqişini e’lon qildi. Qiziği, Viktor Orban aynan Haaga sudi Netanyahuni hibsga olişga order berganidan keyin Isroil boş vazirini şaxsan Vengriyaga taklif qilgandi.
Ha, örtoqlar. Ikki uruş fonida köz öngimizda xalqaro huquq degan tuşunça yöq bölib bormoqda. Bu kuçlilar kuçsizlarni xohlagan köyga solişiga imkon yaratadi. Bu juda xavfli. Heç kim bir-birini eşitmagan, men kuçliman deb öylagan zöravon davlatlar boşqa davlatlarga bezbetlarça hujum qilgan ötgan asrning 30-yillarida ham mana şunday huquqsizlik sabab juda yomon voqealar boşlangandi.
Isroil Suriyaga hujum qildi
Isroil Suriyadagi qator nişonlarga aviazarbalar yölladi. Xususan, poytaxt Damaşqdagi nişonlar zarbaga uçradi. Yetmaganiga Isroil Suriya janubida quruqlik amaliyoti ham ötkazdi.
Isroil zarbalaridan avval Turkiya Suriyadagi aviabazalarga qiruvçi samolyotlar va havo hujumidan mudofaa tizimlari joylaştirişni öylayotgani haqida xabarlar çiqqandi. Isroil aynan şunga javob tariqasida zarbalar yöllagani aytilmoqda.
Ahmad aş Şar’a boşçilik yangi Suriya hukumati Isroil zarbalarini qoralaş bilan çeklandi, heç qanday javob çoralari bölmadi. Çunki hozirgi Suriyada Isroilga javob beradigan imkoniyat ham yöq.
OAVda yozilişiça, Turkiya Suriyadagi «T4» bazasiga «Hisar» havo hujumidan mudofaa tizimlarini joylaştirib, keyin bazani töliq qayta tiklamoqçi. Turkiya Suriya osmonini xavfsiz qilgaç yangi hukumatga IŞIDga qarşi kuraşda yordam bermoqçi. Isroil esa Turkiya Suriyada harbiy quvvatini oşirişini özi uçun xavf deb hisoblaydi.
Finlandiya «kömir balosi»dan qutuldi
Finlandiya poytaxt Helsinkida joylaşgan Salmisaar elektrostansiyasini yopdi. Bu mamlakatdagi oxirgi kömirda işlaydigan issiqlik elektr stansiyasi edi. Halen kompaniyasi öziga tegişli 1953 yilda işga tuşirilgan kömirli elektr stansiyani yoparkan, Finlandiyada kömir erasi tugaganini ma’lum qildi. 1 aprel kuni şu munosabat bilan poytaxt osmonida ramziy qizil tutun çiqarildi.
Finlandiyada 2019 yil qabul qilingan qonunga köra 2029 yil 1 maydan elektr energiyasi işlab çiqariş uçun kömir yoqiş rasman taqiqlangandi. 2022 yilda mamlakat 64 foiz enegiyani kömirdan olgan, lekin qisqa vaqt içida bu balodan qutulişni uddaladi.
Rasmiylarga köra, endi Finlandiyada bir gramm ham kömir yoqilmaydi, deyişga erta. Çunki energiyaga ehtiyoj oşgan davrda istisno tariqasida kömir yoqilişi mumkin, lekin belgilangan muddatdan 4 yil avval mamlakat faqat kömirda işlaydigan barça IESlardan qutulgani katta yutuq. Finlar şu örinda energiya bilan boğliq muammo bölişi mumkinligini rad etmagan holda şamol stansiyalariga jiddiy e’tibor qaratişni maqsad qilmoqda.
Erondagi avariyalar
Eronda Navröz bayrami munosabati bilan berilgan uzoq muddatli ta’tilda juda köp yöl-transport hodisalari sodir böldi. 15 martdan 3 aprelgaça Eron yöllarida 97 mingdan ortiq yöl-transport hodisasi sodir bölib, 838 kişi halok bölgan. Eron politsiyasi yöl harakati xavfsizligi bölimi direktori Temur Husayni bu hodisalarning aksari ehtiyotsizlik va tezlikni oşiriş sabab sodir bölganini aytgan. Bayram kunlari Erondagi xalqaro yöllarda aynan tezlikni oşirib haydaş sabab yöl-transport hodisalari soni keskin oşadi.
Oveçkin Gretskiyning rekordini yangiladi
2025 yil 5 aprel kuni hokkey tarixiga kiradigan böldi. Şu kuni «Vaşington Kepitalz» afsonasi rossiyalik Aleksandr Oveçkin Milliy hokkey ligasi doirasidagi «Çikago Blekhoks»ga qarşi öyinda ikkita gol urib, musobaqadagi gollari sonini 894 taga yetkazib oldi. Şu tariqa Ovi afsonaviy Ueyn Gretskiyning takrorlanmas deb atalgan rekordiga yetib oldi. Keyingi şayba uni mutlaq rekordçiga aylantiradi.
Oveçkin ikkinçi şaybani darvozaga yöllaganida butun zal oyoqqa turdi va uni olqişladi. Axir Moskvadagi «Dinamo» jamoasi tarbiyalanuvçisi bölgan Oveçkin 2005 yildan buyon Vaşington boş jamoasi tarkibida öynab, klub ramziga aylanib bölgan. Uni Vaşingtonda juda yaxşi körişadi. Bunga uruş boşlangani ham, Oveçkin uruşni qöllamagan ersa-da, «Putin team» a’zosi bölib qolgani ham ta’sir qilmadi. U rekordni yangilagan öyinda amaldagi rekord sohibi Ueyn Gretskiy ham iştirok etdi. Öyindan keyin kanadalik afsona Vaşington Kepitalz kiyiniş xonasiga kirib, Oveçkinga maxsus şayba sovğa qildi. Rossiyalik hokkeyçi esa unga hurmat bajo keltirib şaybani bir tizzasini yerga qöygan köyi qabul qildi.
Bu juda ahmiyatli voqea böldi. Özi sportda juda uzoq yillik rekord yangilanişi muxlislar uçun katta quvonç hisoblanadi, çunki ular tarix yangilanganiga tirik guvoh bölişadi-da. Boşqa tomondan, hozir juda murakkab davr. Ukrainadagi uruş sabab AQŞ va Rossiya duşmandek bölib qoldi. Biroq rossiyalik superyulduz AQŞ poytaxtida okean ortidagi eng asosiy hokkey musobaqa tarixida yangi sahifa oçgan golni urgaç barça uruşni ham, siyosatni ham, duşmançilikni ham unutgandek böldi. Amerikaliklar rossiyalik sevimli yulduzlarini olqişlaşdi, hatto u rekordni takrorlagani uçun yiğlab xursand bölişdi. Axir «Vaşington Kepitalz»ni Oveçkinsiz heç kim tasavvur qilolmaydi.
Oveçkin bir lahza butun dunyoga barçamiz bir osmon ostida yaşayotgan bir xil odamlar ekanimizni, sport esa haqiqiy tinçlik elçisi ekanini eslatib qöydi. Bu uçun dunyo hokkeyi afsonasi Oviga rahmat deymiz.
Ötkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirçi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.











