Tramp Rossiya tomonda

AQSH prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urush masalasida endi toʻlaligicha Rossiya tomonga oʻtdi. Kiyev Rossiya neft zavodlariga zarba bermaslik talabini rad etgach, u Kiyevga butunlay qarshi boʻlib qoldi. «Ukraina yangi lider tanlashi kerakligi, Zelenskiy bilan kelishib boʻlmasligini» hafta davomida bir necha marta takrorladi. Keyin intervyu berib, «Zelenskiy AQSH birga ishlashni xohlaydigan odam emas», dedi. Putin bilan telefonda gaplashib, AQSH Rossiyadan «solyarka» sotib olishi boʻyicha kelishuvga erishdi, Moskvadan bu borada sanksiyalarni olib tashladi.

Bu hali hammasi emas. Ukraina armiyasi ishlatayotgan Starlink terminallari tezligi pasaytirib qoʻyildi, oqibatda ukrainlar frontda jiddiy muammoga duch keldi. Bu cheklov ortida Tramp bilan yana doʻstlashib olgan Ilon Mask turgani aytildi, lekin milliarder harbiy terminallar tezligini Pentagon nazorat qilishini aytdi. Jurnalistlar keyinroq bu borada buyruq Oq uydan kelganini aniqladi.

Amerika Ukrainaga Rossiya zarbalari haqida razvedka maʼlumotlari bermay qoʻydi. Shu sabab ruslarning odatdagidan koʻproq zarbalari nishonga borib urildi. Amerikadan keyin gʻarblik boshqa ittifoqchilar ham razvedka maʼlumotlari berishni toʻxtatgan koʻrinadi, faqat Kanada oʻz maʼlumotlarini boʻlishgani aniq. AQSH urushga aloqador boshqa masalalarda ham Kiyevga razvedka maʼlumotlari berishni toʻxtatgan.

Senator Grem nomi bilan atalgan «Rossiyaga qarshi jahannam sanksiyalari» toʻgʻrisida qonun esingizda boʻlsa kerak. Hujjat Kongressdan eson-omon oʻtgandi, lekin Tramp undagi cheklovlarni kamaytirgani aniq boʻldi. Masalan, Rossiya neftini sotib olganlarga 100 foiz, Rossiya tovarlarining oʻziga 500 foiz boj qoʻyilmaydigan boʻldi.

Tramp bir vaqtlar aynan Zelenskiy bilan muloqotdan keyin boshlangan impichment mojarosini unutgani yoʻq. Mana, endi Ukrainaga qarshi xohlagan ishini qilmoqda. Rossiya foydasiga yangidan-yangi qarorlar chiqsa ham, ajablanmang.

Putin: «Biz javob beramiz»

Rossiya prezidenti Putin ilk marta Ukriananing WB omborlari, Yandex data-markazlariga zarbalariga munosabat bildirdi. «Dushmanning ham WB, ham Ozon platformalariga nisbatan harakatlariga duch keldik. Darvoqe, ular doim shunday qadamlarni tashlaydilarki, ochigʻini aytganda, biz bularni oldindan koʻra bilishimiz kerak edi. Ammo bu darajagacha borishmaydi deb oʻylagandik», dedi Putin.

Rossiya prezidenti «Ukraina boshlaganidan keyin ruslar ham javob berib, Ukrainadagi shunday nishonlarni urganini» aytdi. Shu yerda qiziq bir jihat bor. Rossiya aslida Ukrainadagi data-markazlarga avvalroq zarba bergandi, oʻzi bu davlatda rus raketasi yetib bormagan qanaqadir obyekt qolmadi hisob. Lekin Ukrainaning WB, Yandex'ga zarbalari katta shov-shuv boʻldi. Shunchalik kattaki, Rossiya prezidenti «Endi oʻzingizdan koʻring, biz yanayam kuchli zarba beramiz», deb chiqyapti. Vaholanki, ruslar uchun Ukraina data-markazlarini nishonga olish yangilik ham, muammo ham emas.