Jahon | 08:35 / 06.09.2025
2383
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy delegatsiyasi 7 yilda birinchi marta Yevroparlamentga tashrif buyuradi

Bryusselda shu yilning kuzida bo‘lib o‘tishi mumkin bo‘lgan uchrashuvlarda Ukrainadagi tinchlik va Xitoyning Yevropa Ittifoqi bilan savdosi muhokama qilinadi, dedi Politico nashriga Yevroparlament deputati Engin Ero‘g‘li.

Foto: AP

Xitoy siyosatchilaridan iborat delegatsiya yevrodeputatlar bilan uchrashish uchun yetti yildan ortiq «muzlatilgan munosabatlar»dan keyin ilk bor Yevroparlamentga tashrif buyuradi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi-Xitoy parlamentlararo delegatsiyasi rahbari, Yevroparlamentning yuqori martabali deputati Engin Ero‘g‘li bayonotiga tayanib, Politico nashri xabar berdi. Bryusseldagi uchrashuv bo‘yicha hali ham muzokaralar olib borilmoqda va u 2025 yil oktyabr o‘rtalarida yoki noyabr oyi boshida bo‘lib o‘tishi mumkin, Xitoyga javob tashrifi esa 2026 yilning may oyida amalga oshirilishi mumkin, dedi u.

Ero‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, har ikki uchrashuvda Yevroparlament deputatlari va Butunxitoy xalq vakillari kengashi a’zolari Rossiyaning Ukrainadagi urushi, Yevropa Ittifoqi va Xitoy o‘rtasidagi savdo masalalari, shuningdek, inson huquqlari va BMTning global dunyo tartibidagi rolini saqlab qolishning dolzarb masalalarini muhokama qiladi.

Yevroparlament deputatining qo‘shimcha qilishicha, «YeI Yevropa Ittifoqi va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash Xitoyning urush bo‘yicha pozitsiyasiga bog‘liqligini izchil ta’kidlashi kerak», ammo Pekindan Ukrainadagi urush bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishini kutish «real emas».

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid