Quyida tirnoqda oq dog‘lar yuzaga kelishi sabablarini keltirib o‘tamiz:

Mexanik shikastlanish

Tirnoqlarda paydo bo‘ladigan kichik oq dog‘lar, tibbiyotda “leukonychia”” deb ataladi va ularning eng keng tarqalgan sababi mexanik shikastlanishdir. Bunday holat tirnoq plitasi yoki tirnoq matritsasiga zarar yetganda yuzaga keladi. Masalan, tirnoqni qattiq jismga urib olish, uni siqib qo‘yish, manikyur paytida ehtiyotsizlik qilish yoki tirnoqni chaynash oqibatida oq nuqta paydo bo‘lishi mumkin. Mazkur dog‘lar sog‘liq uchun xavf tug‘dirmaydi, asosan, estetik noqulaylik keltirib chiqaradi.

Mexanik shikastlanishdan hosil bo‘lgan oq dog‘lar tirnoq bilan birga o‘sadi va vaqt o‘tishi bilan yuqoriga ko‘tarilib, tirnoq uchiga yetganda tabiiy ravishda yo‘qoladi. Tirnoqlarning o‘sish tezligi odamlarda turlicha bo‘lgani uchun bu jarayon qo‘l tirnoqlarida bir necha hafta yoki oy davom etishi, oyoq tirnoqlarida esa hatto bir yilgacha cho‘zilishi mumkin.

Vitamin va mineral yetishmovchiligi

Tirnoqlarda oq dog‘larning paydo bo‘lishi nafaqat mexanik shikastlanish, balki organizmda vitamin va mineral moddalar yetishmasligi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Rux, kalsiy va temir tanqisligi ko‘pincha bunday belgiga sabab bo‘ladi. Mazkur moddalar tirnoq hujayralarining sog‘lom shakllanishida muhim ahamiyatga ega. Masalan, rux yetishmasa, tirnoqlar mo‘rtlashadi va ularda mayda oq nuqtalar ko‘rina boshlaydi. Kalsiy tanqisligi suyak va tirnoqlarni zaiflashtiradi, temir yetishmovchiligi esa qon aylanishini susaytirib, tirnoqlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bunday paytda muammoni hal qilish uchun ovqatlanish tartibiga e’tibor berish juda muhim. Ratsionda

  • ruxga boy mahsulotlar: yong‘oq, loviya, tuxum, dengiz mahsulotlari;
  • kalsiy manbalari: sut va sut mahsulotlari, ko‘katlar;
  • temirga boy oziq-ovqatlar: qizil go‘sht, jigar, ismaloq va olma ko‘proq iste’mol qilinishi kerak. Shuningdek, to‘g‘ri ovqatlanish bilan bir qatorda sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish, stressni kamaytirish va yetarlicha uxlash ham tirnoq sog‘lig‘ini tiklashda katta rol o‘ynaydi.

Agar oq dog‘lar uzoq vaqt davomida saqlanib qolsa yoki boshqa alomatlar (masalan, holsizlik, soch to‘kilishi, terining oqarishi) bilan birga kuzatilsa, mutaxassis ko‘rigidan o‘tish tavsiya etiladi. Chunki bu ba’zida jiddiyroq muammolar — kamqonlik yoki moddalar almashinuvi buzilishining belgisi bo‘lishi mumkin.