30-avgust kuni Nyu-Yorkning Manhetten hududi Wall Street’da Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat bayrogʻi koʻtarildi. Endi ushbu markaziy koʻchada bayroq 10 kun davomida hilpirab turadi.

Bu yili Oʻzbekiston mustaqilligi eʼlon qilinganiga 35 yil toʻlmoqda. Bayram shukuhi esa nafaqat Respublika ichkarisida, balki dunyo boʻylab tarqagan. Oʻzbek jamiyatlari va diplomatik korpuslar birgalikda turli bayram va marosimlarni oʻtkazishmoqda. Masalan, AQSH Nyu-York shahri Manhetten hududidagi mashhur Wall Street’da 30-avgust kuni Oʻzbekiston davlat bayrogʻi koʻtarildi. Endi bayroq 10 kun davomida shu yerda hilpirab turadi.

Marosimda Oʻzbekistonning BMTdagi vakolatxonasi rasmiylari, AQShda oʻzbek jamiyatlari raislari va aʼzolari, vatandoshlar qatnashdi. Ikki davlat madhiyalari yangradi. Diplomatlar oʻzbeklarni bu yerga kelishga chorladi.

Kun.uz bilan gaplashgan “Mahalla USA” Oʻzbekiston-Amerika jamiyati raisi Abdumalik Ahmedov fikricha, bugun hech qaysi oʻzbek Vatandagi boʻlayotgan ishlarga befarq emas.

“Vatanni sevish geografiya tanlamaydi, tarixda buyuk davlatchiligimiz boʻlgan. AQShda yashovchilar ayniqsa bugungi Oʻzbekistonga befarq emas”, deydi u.

AQSH Moliya va soliq departamenti eksperti boʻlib ishlovchi yana bir yurtdoshimiz Mukarramxon Egamberdiyeva esa Oʻzbekistondagi oʻzbek tilidagi yigʻinlarni sogʻinganini aytadi.

“Oila bolalarimizga oʻzbek tilida soʻzlashishlarini aytib, buni qila olishimiz kerak deb bilaman. Men oʻzbek tilida boʻluvchi yigʻinlar, uchrashuvlarni doim sogʻinaman”, deydi u.

Eslatib oʻtamiz, bu yilgi bayram AQShning turli hududlarida boʻlib oʻtmoqda. Masalan, 29-30 avgust kunlari Filadelfiya, 30-avgust Nyu-Yorkda boʻlsa, syentabr boshida poytaxt, Vashington shtati va qator hududlarda tadbirlar rejalangan. Sietlda esa bosh konsullik ochilishi boʻlib oʻtadi.