Qirğiziston prezidenti Sadir Japarov sobiq prezident Almazbek Atambayevni davlat mukofotlaridan mahrum qiliş töğrisidagi farmonni imzoladi.

Hujjatga köra, sobiq prezident Qirğiziston Respublikasining oliy darajali «Qirğiz Respublikasining Bahodiri» ordeni, II darajali «Manas» ordeni, «Danaker» ordeni va «Dank» medalidan mahrum qilingan.

Atambayevni mukofotlaş töğrisida ilgari çiqarilgan barça farmonlar (1999, 2007, 2011 va 2017 yillar) bekor qilindi.

Boş prokuratura huzuridagi Sud ijroçilari xizmatiga «davlat mukofotlari va ularning hujjatlarini keyinçalik davlat mukofotlari fondiga topşiriş uçun olib qöyiş» topşirildi.

Farmon Bişkek Pervomayskiy tuman sudining 2025 yil 3 iyundagi hukmini ijro etiş maqsadida imzolangan. Şunda Qöy-Toş voqealari böyiça iş doirasida Almazbek Atambayev sirtdan 11,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, mol-mulki musodara qilingan va davlat mukofotlaridan mahrum etilgan edi. Sadir Japarov sud qarorini şafqatsiz deb atagan va agar Atambayevning vakillari hokimiyatga tegişli murojaat bilan çiqsa, uni afv etişga tayyorligini aytgan edi.

Almazbek Atambayev 2011-2017 yillarda Qirğizistonni boşqargan. 2019 yil avgust oyida Milliy xavfsizlik davlat qömitasi uni Bişkek çekkasidagi Qöy-Toşdagi qarorgohida qölga olişga uringan, biroq sobiq prezident tarafdorlari qurolli qarşilik körsatgan. Töqnaşuvlar çoğida maxsus xizmat xodimi halok böldi, 100 dan ortiq kişi jarohatlandi. Atambayev yakunda hibsga olindi.

Qöy-Toş voqealari böyiça sud jarayoni 2022 yilda boşlandi, keyinroq işga korrupsiya bilan boğliq epizodlar qöşildi. 2023 yil fevral oyida Atambayev «çet elda davolaniş uçun» hibsdan ozod qilindi: u Ispaniyaga uçib ketdi va Qirğizistonga qaytmadi.

2025 yil sentabr oyida sud ijroçilari uning oilasini Qöytoşdagi uyidan majburan köçirdi.