“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili Davlat dasturi loyihasida Toshkentda shamol yo‘nalishlari va shaharning tabiiy ventilyatsiyasini urbanistik modellashtirish (Urban Digital Twins) tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan. Shamol va ventilyatsiya modellashtiruvi Toshkentdagi qurilish siyosatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Umuman olganda o‘zi so‘nggi yillarda zamonaviy shaharlar qanday reja asosida rivojlanmoqda, “vertikal” va “gorizontal” o‘sish qanday muvozanatlanadi, qaysi megapolislarning strategiyasi Toshkent sharoitiga yaqin? Shu kabi savollarga mutaxassislar fikr bildirdi.

23 yanvar kuni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili doirasidagiislohotlar dasturlari va “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi yuzasidan prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Loyiha bandlaridan biri Toshkentda shamol yo‘nalishlari va shaharning tabiiy ventilyatsiyasini urbanistik modellashtirish (Urban Digital Twins) tizimini joriy etishga qaratilgan. Uning yordamida shamol “to‘xtab qoladigan” zonalar aniqlanishi, shamol tezligi va yo‘nalishini o‘zgartiruvchi omillar belgilanishi, tabiiy ventilyatsiya koridorlari topilib, ularga ta’sir qiluvchi faktorlar (jumladan, rejalashtirilgan binolar qavatini pasaytirish, ochiq maydonlar tashkil etish) bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilishi; mahallalarda datchiklar orqali havo aylanishi monitoring qilinishi va jamoatchilik uchun ochiq onlayn xarita ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu yangi reja (shamol va ventilyatsiya modellashtiruvi) Toshkentdagi qurilish siyosati va bosh rejaga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Umuman olganda o‘zi so‘nggi yillarda zamonaviy shaharlar qanday reja asosida rivojlanmoqda, ularda “vertikal” va “gorizontal” o‘sish qanday muvozanatlanadi, qaysi megapolislarning strategiyasi Toshkent sharoitiga yaqin?

Shu kabi savollarga Parallel Architecs arxitektura byurosi asoschisi, O‘zbekiston yosh arxitektorlari uyushmasi vakili Aziz Qosimov, shuningdek Buyuk Britaniyadagi Sunkari Ltd kompaniyasida loyiha menejeri va TTPZ Services Ltd kompaniyasida qurilish bo‘yicha menejer sifatida faoliyat yuritayotgan Doniyorbek Mo‘minovlar o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.

Binolarning balandligi, "Shamol guli" va aerodinamika

Ko‘pchilik baland binolarni shamolni to‘suvchi asosiy to‘siq deb biladi. Biroq Doniyorbek Mo‘minovning fikricha, masala binoning balandligida emas, balki uning aerodinamik joylashuvida.

"Loyiha bilan tanishib chiqdim, endi Toshkentdagi binolarning qurilishida shamol yo‘lini hisobga olinishi quvonarli. Ayrim insonlar “binolar qavatini pasaytirish” deganda yoppasiga barcha binolar buzilib, qavatlari kamaytirilishini tushunib qolishi mumkin. Bu fikr xato. Kerakli joyda past kerakli joyda baland binolar qurgan holda shamolni kuchaytirish mumkin. Bu ko‘plab zamonaviy shaharlarda o‘z isbotini topgan usul.