Prezident Şavkat Mirziyoyev 2-fevral kuni kömir va uran sanoatida amalga oşirilayotgan işlar hamda yaqin istiqbolga möljallangan rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanişdi.

Davlat rahbarining matbuot xizmatiga köra, 2025-2026 yillar kuz-qiş mavsumida 10 million tonna kömir qazib oliş rejalaştirilgan va bu ötgan mavsumga nisbatan 1,3 million tonnaga köp. Hozirgaça 9 million tonna kömir qazib olindi, ösiş 590 ming tonnani taşkil etdi. Keyingi mavsumda işlab çiqariş hajmini 11 million tonnaga yetkaziş zarurligi qayd etildi.

Buning uçun Toşkent va Janubiy hududlarda joylaşgan konlarni özlaştirişni jadallaştiriş, selektiv qazib olişni kengaytiriş, autsorsing asosida qöşimça ekskavator va texnikalar jalb qiliş muhim ekani taʼkidlandi. Xususiy tadbirkorlar iştirokini kengaytiriş orqali 2026-yilda qöşimça 2,5 million tonna kömir qazib çiqariş rejalaştirilgan.

Angrendagi Nişboş kömir konini özlaştiriş loyihasiga alohida eʼtibor qaratildi. Zaxiralarining hajmi 233 million tonna va qiymati qariyb 500 million dollarga baholanayotgan uşbu investitsiya loyihasi doirasida 2026-yilda qazib oliş işlarini boşlaş hamda 1 million tonna kömir qazib çiqariş, kelgusida yillik quvvatni 10 million tonnaga yetkaziş közda tutilgan. Loyiha doirasida 880 ta doimiy iş örni yaratiladi.

Taqdimotda kömirni çuqur qayta işlaş asosida yangi turdagi sanoat mahsulotlarini işlab çiqarişga qaratilgan loyiha ham körib çiqildi. “Özkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati taşabbusi bilan kömirni kimyoviy qayta işlaş orqali polimer mahsulotlar olişni taşkil etiş rejalaştirilgan. Loyiha qiymati 5 milliard dollar bölib, uning natijasida yiliga 8-9 million tonna kömirni qayta işlaş va 1,18 million tonna polimer mahsulotlari işlab çiqariş quvvatlari barpo etiladi.

Ötgan yili 7 ming tonna uran işlab çiqarilib, aniqlangan zaxiralar esa 139 ming tonnaga yetdi. Joriy yilda Arnasoy, Ğarbiy Qizilqoq, Janubiy Jongeldi, Şarqiy Ağron konlarini özlaştirişni boşlaş rejalaştirilgan.

Xomaşyo qazib oliş hajmining köpayişi munosabati bilan uni qayta işlaş quvvatlarini ham oşiriş zarurligi qayd etildi.

Uranni qayta işlaş quvvatlarini sulfat kislotasi hamda uni işlab çiqariş uçun zarur bölgan texnik oltingugurt bilan barqaror taʼminlaş çora-tadbirlari belgilab olindi.