Jahon | 08:22
2364
2 daqiqa o‘qiladi

Ilk marta: samolyot harakatlanayotgan poyezd ustiga qo‘nib, yana osmonga ko‘tarildi

Italiyalik uchuvchi Dario Kosta yaqingacha amalga oshmaydigandek tuyulgan tryukni bajardi: u taxminan soatiga 120 kilometr tezlikda ketayotgan yuk poyezdi platformasiga samolyotni qo‘ndirdi, so‘ng aynan shu platformaning o‘zidayoq samolyotni yana osmonga ko‘tardi.

Foto: Red Bull

Aviatsiyaning yuz yillik tarixida bunday manyovrni bugungacha hech kim bajarmagan edi. Loyiha Train Landing deb nomlandi va 2026 yil 15 fevral kuni Turkiyaning Afonkaraxisar shahri yaqinida amalga oshirildi.

Rekord parvoz uchun Kosta Zivko Edge 540 samolyotidan foydalandi — bu 400 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlangan, bir o‘rinli sport samolyoti. Vagon tomiga aniq tegishdan keyin uchuvchi deyarli tanaffussiz tezlashib, qayta parvozni amalga oshirdi.

Poyezd bilan sinxron harakatlanish uchun Kostaga tezlikni taxminan soatiga 87 kilometrgacha tushirish va nihoyatda aniq trayektoriyaga chiqishga to‘g‘ri keldi. Qo‘nish burchak hujumi va harakat dinamikasi sabab ko‘rish imkoniyati cheklangani bilan qiyinlashdi, vagon tomi esa xatoga deyarli joy qoldirmas edi. Butun ketma-ketlik — yaqinlashuvdan to qayta uchishgacha — taxminan 50 soniya davom etdi va qariyb 2,5 kilometrlik uchastkada bajarildi.

Loyihani tayyorlash ishlari 2024 yildayoq boshlangan. Red Bull muhandislari va uchuvchilar jamoasi o‘nlab simulyatsiyalar o‘tkazdi, aerodinamikani hisob-kitob qildi va Xorvatiyada harakatlanayotgan platformada elementlarni mashq qildi. Yakunlovchi bosqich poyezd hosil qiladigan turbulentlik sharoitida ideal muvofiqlashuv va samolyotni nihoyatda filigran nazorat qilishni talab etdi.

Bu tryuk shunchaki tomoshabop shou emas, balki uchish mahoratining eng yuqori aniqligini va zamonaviy aviatsiya muhandisligi imkoniyatlarini namoyish etuvchi voqea bo‘ldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid