Polşa mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamişning ma’lum qilişiça, navbatdagi hodisa 4-avgust kuni kunning birinçi yarmida sodir bölgan. Navbatçilikda turgan Polşa qiruvçi samolyotlari Rossiyaning Il-20M razvedka samolyotini Boltiq dengizi ustida, Koşalin şahridan taxminan 56 kilometr şimoli-ğarbida kuzatib borgan.

Vazirning ta’kidlaşiça, Rossiya NATO davlatlari çegaralari yaqinida bunday parvozlarni muntazam amalga oşirib, alyansning huşyorligi va mudofaa tizimlari tayyorgarligini sinovdan ötkazişga urinayotgan bölişi mumkin.

Polşa Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Yanuş Seymey esa Rossiya samolyoti mamlakat havo hududini buzmaganini bildirdi. Şunga qaramay, Polşa harbiylari uni belgilangan tartibda kuzatib borgan.

Bu sönggi kunlardagi uçinçi şunday holatdir. Avvalroq Polşa harbiylari 3-avgust va 31-iyul kunlari ham Rossiyaning Il-20 razvedka samolyotlarini Boltiq dengizi ustida kuzatgani haqida xabar bergan edi.

Bundan taşqari, 30-iyul kuni Rossiyaga tegişli qanotli raketa Polşa hududiga kirib kelgan va portlagani ma’lum qilingan.

Varşavaning ta’kidlaşiça, sönggi vaqtlarda Rossiyaning Polşa sohillari yaqinida amalga oşirayotgan razvedka parvozlari yana faollaşgan. Iyul oyi örtalarida ham Polşa Harbiy-havo kuçlari uç kun ketma-ket Rossiya harbiy samolyotlarini uşlab qolgan.

Şuningdek, Polşa ma’lumotlariga köra, 2025-yil sentyabrida kamida 19 ta Rossiya droni mamlakat çegarasini kesib ötgan bölib, ularning aksariyati Belarus hududidan uçib kelgan. Ularni tutib oliş uçun Polşa va boşqa NATO davlatlarining qiruvçi samolyotlari jalb qilingan.

Öşanda Varşava bu holatni Rossiyaning ataylab uyuştirilgan harakati deb baholab, NATOning Şimoliy Atlantika şartnomasining 4-moddasiga muvofiq ittifoqdoşlar bilan maslahatlaşuvlar ötkazişni söragan. Moskva esa uşbu ayblovlarni asossiz deb atagan.