2026 yil 29 avgustdan boshlab SWIFT xalqaro tizimi FIN MT xabarlarini zaxira tartibida qayta ishlash uchun ayrim davlatlarga, jumladan, O‘zbekistonga nisbatan qo‘llanib kelgan vaqtinchalik choralarni (temporary measures) bekor qiladi. Ushbu sanadan keyin ISO 20022 standarti talablari va MT–MX konvertatsiyasi qoidalariga mos kelmaydigan xalqaro to‘lov xabarlari SWIFT tizimi tomonidan avtomatik ravishda rad etilishi mumkin.
Shu sababli banklarning ISO 20022 standarti talablariga tayyorligi xalqaro hisob-kitoblarning uzluksiz amalga oshirilishini ta’minlashda muhim omilga aylanmoqda. Bank sektori uchun mazkur o‘zgarishlarning ahamiyatini inobatga olgan holda, Fido Biznes jamoasi o‘z dasturiy yechimlarida SWIFT’ning yangi xalqaro xabar formatlarini oldindan qo‘llab-quvvatlashni joriy etdi. Natijada kompaniya mijozlari bo‘lgan banklar yangilangan xalqaro to‘lov formatlari bilan ishlamoqda va o‘tish davri yakunlanishiga to‘liq tayyor holda kirib bormoqda.
Bugungi kunda SWIFT ISO 20022 funksionalligi Fido Biznes yechimlaridan foydalanayotgan O‘zbekiston Respublikasining 12 ta bankida joriy etilgan. Kompaniyaning dasturiy yechimlari orqali har kuni minglab xalqaro SWIFT to‘lov xabarlari qayta ishlanadi, operatsiyalar hajmi esa oyiga o‘n minglab tranzaksiyalarni tashkil etadi.
ISO 20022 bilan ishlashda Fido Biznes yechimlaridan foydalanayotgan banklar qatoriga Biznesni rivojlantirish banki (BRB), Xalq banki, Asakabank, Universal Bank, Trastbank, Mikrokreditbank, Hamkorbank, TBC Bank, Orient Finans Bank, AVO Bank, Asia Alliance Bank va O‘zbekiston sanoat-qurilish banki (SQB) kiradi.
Fido Biznes’ning integratsiyalashgan avtomatlashtirilgan bank tizimlari (IABT)ni SWIFT xalqaro to‘lov tizimi bilan integratsiya qilish ilk bor 2009 yilda amalga oshirilgan. O‘tgan davr mobaynida kompaniya xalqaro hisob-kitoblarni avtomatlashtirish va banklarning SWIFT infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha katta tajriba to‘pladi.
2023 yil oxirida Fido Biznes SWIFT’ning rasmiy hamkoriga aylandi. Bu kompaniyaga tashkilot bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, dolzarb materiallarni tezkor olish hamda bank mijozlarini moliyaviy xabarlar almashinuvi bo‘yicha yangi xalqaro standartga o‘z vaqtida tayyorlash imkonini berdi.
Nima uchun ISO 20022’ga o‘tish banklar uchun muhim?
ISO 20022’ga o‘tish so‘nggi yillardagi xalqaro to‘lov infratuzilmasidagi eng muhim transformatsiyalardan biri hisoblanadi. Yangi standart an’anaviy MT formatlari o‘rnini egallab, ma’lumotlar sifatini oshirish, jarayonlarni avtomatlashtirish va to‘lovlarni qayta ishlashdagi xatolar sonini kamaytirishni ta’minlaydi.








