Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda ov qurollari va yuzlab o‘q-dorilar ixtiyoriy topshirildi
Toshkent shahrida ikki nafar fuqaro marhum yaqinlaridan qolgan o‘qotar qurollar va o‘q-dorilarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ixtiyoriy ravishda topshirdi. Holatlar Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilayotgan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida aniqlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, joriy yilning 1 iyulidan respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlarining ikkinchi bosqichi doirasida o‘qotar qurollarning noqonuniy muomalasiga qarshi qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Shunday tadbirlardan biri davomida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida yashovchi 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro marhum otasi yashagan xonadondan topilgan 1 dona vintovka, 19 dona o‘qotar ov quroli, 13 dona stvol va kolodka, 117 dona o‘q-dori hamda boshqa ehtiyot qismlarni o‘z ixtiyori bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirdi.
DXX va Ichki ishlar vazirligining poytaxt boshqarmalari hamkorligida o‘tkazilgan yana bir tadbirda esa Mirobod tumanida yashovchi 1960 yilda tug‘ilgan ayol marhum turmush o‘rtog‘iga tegishli bo‘lgan 2 dona o‘qotar ov quroli va 181 dona o‘q-dorini ixtiyoriy ravishda topshirdi.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarga murojaat qilib, amaldagi qonunchilikka muvofiq, o‘qotar qurollar, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni ixtiyoriy ravishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirgan shaxslar javobgarlikdan ozod etilishini eslatdi.