Ijtimoiy tarmoqlarda «kungaboqar yog‘i saraton keltirib chiqaradi», «tarkibida zaharli moddalar bor» degan mazmundagi videolar tarqaldi. Bunday da’volar har bir xonadonda kundalik ehtiyoj bo‘lgan ushbu mahsulot atrofida turli xavotirlarni yuzaga keltirishi tabiiy. Xo‘sh, o‘zi kungaboqar yog‘ida qanday moddalar uchraydi? Qaysi hollarda u sog‘liq uchun zararga aylanishi mumkin? Toshkent kimyo-texnologiya instituti laboratoriyasida «Donskoy yantar» yog‘i misolida mazkur jihatlar ko‘rib chiqildi.

Kungaboqar urug‘idan yog‘ hosil qilishning ikki asosiy usuli mavjud: mexanik presslash va ekstraksiya. Zamonaviy yirik sanoat ishlab chiqarishda ko‘proq ekstraksiya usuli qo‘llaniladi. Jarayonda urug‘dan yog‘ni maksimal ajratish uchun organik erituvchi hisoblangan geksan moddasi ishlatiladi.

Geksan – neft fraksiyalaridan olinadigan uchuvchan modda bo‘lib, u yog‘ni urug‘ qoldiqlaridan ekstraksiyalash samaradorligini oshiradi. Muhim jihat shundaki, ushbu modda tayyor mahsulot tarkibida qolib ketmaydi, faqat texnologik bosqichda vosita sifatida qo‘llaniladi.

Professor Ahror Abdurahimovning tushuntirishicha, ishlab chiqarishning keyingi bosqichlarida yog‘ bug‘lantiriladi, vakuum ostida tozalanadi va yuqori haroratda degazatsiya qilinadi.

“Natijada geksan kabi uchuvchan moddalar butunlay yo‘qotiladi yoki me’yoriy darajadan past (aniqlanmaydigan) holatga tushiriladi. Shu sababli standartlarga mos ishlab chiqarilgan yog‘ tarkibida benzin yoki geksan qolishi ilmiy jihatdan tasdiqlanmagan”, – deydi u.

Daladan yig‘ib olingan kungaboqar urug‘idan birinchi bosqichda to‘q sariq, o‘tkir hidli va xira yog‘ olinadi. Uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovqatga ishlatish tavsiya etilmaydi. Mahsulot biz do‘konlarda ko‘radigan och sariq, tiniq va hidsiz holatga kelishi uchun zavodda to‘rt bosqichdan iborat rafinatsiya jarayonidan o‘tadi:

“Birinchi navbatda, yog‘ qizdirilganda ko‘piklanib ketmasligi uchun uning tarkibidagi tabiiy yelimsimon moddalar ajratib olinadi. Shundan so‘ng, mahsulotga o‘sha to‘q rangni berib turgan tabiiy pigmentlar maxsus loylar yordamida shimib olinib, filtrlanadi va yog‘ chiroyli och sariq tusga kiradi. Navbatdagi bosqichda esa massa asta-sekin sovutiladi; bunda uning tarkibidagi tabiiy mumlar (vosk) kristallga aylanadi va suzib olinadi, natijada mahsulot muzlatgichda ham xiralashmay, har doim tiniqligini saqlab qoladi. Eng asosiy, yakuniy bosqich hisoblangan hidsizlantirish (dezodoratsiya) jarayonida esa yog‘ taxminan 240 dan 260 darajagacha bo‘lgan o‘ta yuqori haroratda, vakuum ostida bug‘ bilan tozalanadi. Shundan so‘ng uning o‘ziga xos o‘tkir hidi hamda urug‘dan yog‘ni ajratib olishda ishlatilgan geksan kabi har qanday uchuvchan moddalar qoldiqlari butunlay bug‘lanib, yo‘qoladi. Mahsulot yorlig‘idagi “rafinatsiyalangan va dezodoratsiya qilingan” degan yozuv aynan mana shu bosqichlardan o‘tgan, barcha zararli moddalardan to‘liq tozalangan xavfsiz mahsulotni anglatadi”,