Jahon | 08:55
2049
3 daqiqa o‘qiladi

Temir rudasi bo‘yicha dunyo yetakchilari: eng yirik 10 ta kon

Temir rudasi jahon metallurgiya sanoatining asosiy xomashyosi hisoblanadi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyodagi eng yirik temir rudasi konlarining aksariyati Avstraliya va Braziliyada joylashgan bo‘lib, aynan shu ikki mamlakat global temir rudasi ishlab chiqarishida yetakchilik qilmoqda.

Temir insoniyat eng ko‘p foydalanadigan metallardan biri bo‘lib, undan tayyorlanadigan po‘lat qurilish, mashinasozlik, transport va boshqa ko‘plab tarmoqlarning asosini tashkil etadi. O‘tgan yil davomida jahonda qariyb 2,5 milliard tonna tijorat temir rudasi qazib olingan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, dunyodagi eng yirik o‘nta temir rudasi konining sakkiztasi Avstraliyaning G‘arbiy Avstraliya shtatidagi Pilbara mintaqasida, qolgan ikkitasi esa Braziliyaning Karajas havzasida joylashgan. Bu ikki hudud global temir rudasi sanoatining asosiy markazlari hisoblanadi.

Reytingda birinchi o‘rinni Braziliyaning Serra Norte koni egalladi. Vale kompaniyasiga tegishli mazkur majmua yiliga 102,8 million tonna temir rudasi qazib chiqaradi. Bu yerdagi ruda tarkibida temir ulushi 66 foizgacha yetadi va u dunyodagi eng yuqori sifatli konlardan biri sifatida e’tirof etiladi.

Ikkinchi o‘rinda yana Vale kompaniyasining Carajás Serra Sul S11D loyihasi qayd etilgan. Uning yillik ishlab chiqarish hajmi 76,67 million tonnani tashkil etadi. Qariyb 19,5 milliard dollar sarflangan mazkur loyiha konveyer tizimi asosida ishlashi bilan ajralib turadi va dizel yuk mashinalaridan deyarli foydalanmaydi.

Uchinchi o‘rin Avstraliyadagi Mt Newman Joint Venture koniga nasib etgan. BHP kompaniyasi tomonidan boshqariladigan ushbu majmua yiliga 66,99 million tonna temir rudasi qazib chiqaradi. U Pilbaradagi eng yirik temir rudasi ishlab chiqarish obektlaridan biri hisoblanadi.

Shuningdek, reytingdan Avstraliyaning Jimblebar Hub, Area C Mine, South Flank, Greater Tom Price, Kings Valley, Yandicoogina Mine va Christmas Creek Mine kabi yirik konlari ham o‘rin olgan. Bu konlar BHP, Rio Tinto va Fortescue kabi xalqaro kompaniyalar tomonidan o‘zlashtirilmoqda va jahon bozoriga millionlab tonna temir rudasi yetkazib bermoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, ayrim konlarning ishlash muddati 2030-yillardan boshlab yakunlanishi kutilmoqda. Masalan, Christmas Creek konini 2031 yilgacha yopish rejalashtirilgan bo‘lsa, eng yangi va istiqbolli S11D loyihasi 2059 yilgacha ishlashi ko‘zda tutilgan.

Mutaxassislar yirik konlarda avtonom karer samosvallari, haydovchisiz temiryo‘l tarkiblari va uzun konveyer tizimlari kabi zamonaviy texnologiyalar joriy etilayotganini ta’kidlamoqda. Bu ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, yonilg‘i sarfini qisqartirish hamda pastroq tarkibli rudalarni ham iqtisodiy jihatdan samarali o‘zlashtirish imkonini bermoqda.

Ta’kidlanishicha, jahonda temir rudasiga bo‘lgan talab hali ham yuqori darajada saqlanib turibdi. Shu bois konchilik kompaniyalari mavjud zaxiralardan samarali foydalanish bilan bir qatorda, kelajakda yangi yirik temir rudasi havzalarini aniqlash va o‘zlashtirishga ham katta e’tibor qaratmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish