Gaz taqsimlash punktlari tabiiy gazni iste’molchiga zarur bosimda yetkazib beradigan gaz ta’minoti tizimining asosiy bo‘g‘inlaridan biridir. Ayniqsa, qish mavsumida gaz iste’moli keskin oshganda yoki yozda talab kamayganda tizimdagi bosim o‘zgarishi tabiiy holat hisoblanadi. Bunday vaziyatlarda gazni barqaror yetkazib berish gaz taqsimlash punktlarining uzluksiz va aniq ishlashiga bog‘liq.
Shu paytgacha bosimdagi o‘zgarishlarni me’yorga keltirish ko‘pincha mas’ul xodimlarning joyiga borib, uskunalarni qo‘lda boshqarishi orqali amalga oshirilardi. Bu esa qo‘shimcha vaqt talab qilishi, ayrim hollarda uzilishlar yoki xavfli vaziyatlar yuzaga kelish ehtimolini oshirishi mumkin edi.
Endilikda esa gaz ta’minoti tizimida yangi bosqich boshlanmoqda. Sun’iy intellekt va avtomatlashtirilgan boshqaruv asosida ishlovchi SMART GTP tizimlari gaz bosimi, harorat va oqim ko‘rsatkichlarini real vaqt rejimida kuzatib, ehtimoliy nosozliklarni oldindan aniqlash hamda zarur choralarni tezkor ko‘rish imkonini yaratmoqda.
Ayni paytda Toshkent shahrida eskirgan gaz taqsimlash punktlarini zamonaviy SMART GTP uskunalariga almashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Yangi avlod gaz taqsimlash punktlari gaz bosimidagi eng kichik o‘zgarishlarni ham uzluksiz kuzatadi. Zarurat tug‘ilganda tizim bosimni avtomatik ravishda me’yorlashtiradi. Bu esa iste’molchilarga gazning bir maromda va barqaror yetkazib berilishiga xizmat qiladi.
SMART GTP tizimining muhim afzalliklaridan biri boshqaruvning raqamlashtirilganidir. Endi gaz taqsimlash punktining kirish va chiqish bosimi, gaz sarfi hamda boshqa texnik ko‘rsatkichlarni mas’ul xodimlar mobil qurilmalar orqali real vaqt rejimida kuzatishi mumkin. Agar tizim me’yordan chetga chiqishni aniqlasa, mas’ullarga darhol signal yuboriladi. Zarurat tug‘ilganda esa ayrim boshqaruv jarayonlari masofadan turib amalga oshiriladi.
Tizim faqat bosimni nazorat qilish bilan cheklanmaydi. U gaz sarfidagi noodatiy o‘zgarishlarni ham qayd etadi. Bu esa gaz sizib chiqishi, noqonuniy ulanish yoki gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini tezroq aniqlash va ularning oldini olish imkonini beradi.
Jarayonlarning raqamlashtirilishi inson omilini kamaytiradi. Barcha texnik o‘zgarishlar tizimda qayd etilgani bois nazorat va monitoring imkoniyatlari kengayadi, gaz taqsimoti esa yanada shaffof va ishonchli boshqariladi.
Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, Toshkent shahridagi gaz taqsimlash punktlari to‘liq SMART GTP tizimiga o‘tkazilsa, texnik yo‘qotishlarni qariyb ikki foizga kamaytirish mumkin. Bu minglab kub metr tabiiy gazni tejash va tizim samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
17 iyul kuni yoqilg‘i-energetika sohasidagi murojaatlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilishda ham tabiiy gaz bosimi bilan bog‘liq muammoli hududlarda uzluksiz ta’minotni yaxshilash, kuz-qish mavsumiga qadar mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Gaz taqsimlash punktlarida SMART GTP kabi aqlli boshqaruv tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etish ushbu vazifalar ijrosiga xizmat qilayotgan yechimlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
“Hududgazta’minot” AJ ma’lumotiga ko‘ra, zamonaviy uskunalarni o‘rnatish bilan bir qatorda, ulardan samarali foydalanish uchun xodimlarni o‘qitish va malakasini oshirish ishlari ham davom ettirilmoqda.
Natijada gaz ta’minoti tizimini zamonaviy texnologiyalar asosida boshqarish imkoniyatlari kengayib, iste’molchilarga tabiiy gazni xavfsiz, barqaror va uzluksiz yetkazib berish samaradorligi oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.






