Volodimir Zelenskiy general Mixail Drapatiyni Ukraina qurolli kuchlarining yangi bosh qo‘mondoni etib tayinladi. U bu lavozimda siyosiy inqiroz fonida iste’foga chiqarilgan general Oleksandr Sirskiyni almashtirdi: avvalroq mudofaa vaziri, o‘tgan hafta iste’foga chiqarilgan Mixail Fedorov Sirskiyni intriga qilishda va armiyadagi islohotlarga to‘sqinlik qilishda ayblagandi. Kiyev va Ukrainaning boshqa yirik shaharlarida Fedorov himoyasi uchun namoyishlar o‘tkazildi – norozilik aksiyalari ishtirokchilari Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Sirskiyning iste’fosini ham talab qilishdi. Ukrainalik jurnalist Konstantin Skorkin Mixail Drapatiy haqida nimalar ma’lum ekani va uning bu lavozimga tayinlanishi – shunchaki Fedorovning iste’fosiga qarshi chiqqanlar uchun yon berish emasligi haqida hikoya qildi.

Zelenskiy 21 iyul kuni general Oleksandr Sirskiyni iste’foga chiqargani haqidagi bayonotida unga qilgan xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirdi. Va uning o‘rniga keladigan yangi bosh qo‘mondon, Mixail Drapatiy bilan Ukraina qurolli kuchlarining kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olganini aytdi.

Ular orasida Rossiyaning frontorti hududlariga zarbalar, Ukraina osmonini Rossiya qurolli kuchlari hujumlari uchun yopish va safarbarlik mexanizmlarini takomillashtirish kabilar bor.

So‘nggi kunlarda Zelenskiy armiya qo‘mondonligi vakillari bilan uchrashib, bosh qo‘mondonlik uchun nomzodlarni saraladi. Birlashgan kuchlar qo‘mondoni lavozimida ishlab kelgan general Drapatiy eng ehtimoliy nomzodlar qatorida edi.

2014 yilda Mixail Drapatiy mayor sifatida Donbassda jang qilgan. 2022 yilga kelib u allaqachon brigada generaliga aylangandi

43 yoshli Mixail Drapatiy ukrain harbiylarining yangi avlodiga mansub – ular sovet qurolli kuchlarida xizmat tajribasiga ega emas va karerasini mustaqil Ukraina armiyasida boshlagan. Drapatiy mamlakatning zamonaviy tarixidagi eng yosh bosh qo‘mondon bo‘ladi. Ungacha bunday maqom 48 yoshida ushbu lavozimni egallagan Valeriy Zalujniyda edi.

Mixail Drapatiy 1982 yilda Ukraina g‘arbida, Xmelnitskaya oblastining Kamenets-Podolskiy shahrida tug‘ilgan. 2004 yil Xarkiv tank qo‘shinlari institutini tamomlagach, harbiy faoliyatini leytenant unvonida Kiyev oblastining Belaya Tserkov shahridagi 72-alohida mexanizatsiyalashgan brigadada boshlagan.