Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Transport sohasida "Milliy sanoat zanjiri" ko‘rgazmasi o‘tkaziladi
Joriy yilning 15–16 iyul kunlari Samarqand viloyati, Jomboy tumanidagi "Sof Expo" ko‘rgazma markazida transport sohasiga bag‘ishlangan "Milliy sanoat zanjiri" ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur ko‘rgazma Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi, Transport vazirligi hamda transport sohasining yirik davlat buyurtmachilari va tarmoq korxonalari hamkorligida tashkil etilmoqda.
"Milliy sanoat zanjiri" ko‘rgazmalari yirik davlat va korporativ buyurtmachilarining ehtiyojlari asosida mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda yangi ishlab chiqarish loyihalarini shakllantirishga xizmat qiluvchi doimiy platforma hisoblanadi.
Mazkur platformaning amaliy natijalari joriy yil may oyida Ohangaronda o‘tkazilgan Tog'-kon va metallurgiya sohasiga bag‘ishlangan ilk ko‘rgazmada ham o‘z aksini topdi. Yakuniga ko‘ra 2,7 trillion so‘mlik qo‘shimcha kelishuv va shartnomalarga erishildi, qariyb 1 milliard dollarlik mahsulotlarni mahalliylashtirish bo‘yicha istiqbolli loyihalar shakllantirildi.
Navbatdagi ko‘rgazma transport sohasiga bag‘ishlanadi. Unda yirik davlat buyurtmachilarining mavjud va istiqboldagi xarid ehtiyojlari taqdim etiladi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar esa o‘z mahsulotlari, butlovchi qismlari, texnologik yechimlari hamda import o‘rnini bosuvchi ishlanmalarini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, tadbir doirasida davlat xaridlari, mahalliylashtirish, sanoat kooperatsiyasi, logistika va investitsiyalar yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy uchrashuvlar hamda B2B va B2G muloqotlar tashkil etiladi.
Ko‘rgazmada ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlandi. Ishtirokchilar QR-kod yoki taqdim etilgan havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
⏱️ Ro‘yxatdan o‘tish | 🗓️ 15–16 iyul 2026 yil
📍 Samarqand viloyati, Jomboy tumani, "Sof Expo" ko‘rgazma markazi
📞 Ma’lumot uchun: (97) 888-10-01, (33) 711-08-88