Jahon | 14:42
439
3 daqiqa o‘qiladi

Lev Shlosbergga nisbatan “feyklar” ishi bo‘yicha yangi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Lev Shlosbergga Rossiya Qurolli kuchlari haqidagi “feyklar” (yolg‘on xabarlar) bo‘yicha uchinchi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. “Chet el agenti” sifatidagi majburiyatlarni bajarmaslik moddasi bo‘yicha u majburiy ishlarga mahkum etilgan, “armiyani obro‘sizlantirish” ishi bo‘yicha esa uy qamog‘ida qolmoqda.

Foto: AP

“Yabloko” partiyasi raisining o‘rinbosari Lev Shlosbergning uy qamog‘i muddati tugashiga bir necha kun qolganida, unga nisbatan yangi, uchinchi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi — bu safar Rossiya Qurolli kuchlari haqidagi “feyklar” to‘g‘risidagi modda bo‘yicha. Bu haqda juma kuni, 5 dekabr kuni, partiya matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi ish qo‘zg‘atilishiga sabab sifatida siyosatchining 2022 yil fevral oyida telegram-kanalda qilgan reposti ko‘rsatilgan. Matbuot xizmati qaysi aniq repost haqida gap borayotganini ochiqlamadi.

“Yabloko” ma’lumotlariga ko‘ra, ish 3 dekabr kuni Rossiya IIVning Pskov viloyati bo‘yicha boshqarmasi tergovchisi Dmitriy Vasilev tomonidan qo‘zg‘atilgan, ertasi kuni esa u iyundan beri “armiyani takroran obro‘sizlantirish” ishi bo‘yicha uy qamog‘ida bo‘lib turgan Lev Shlosbergga ayb e’lon qilgan. Partiya ta’kidlashicha, 8 dekabr kuni muxolifatchining “armiyani obro‘sizlantirish” ishi bo‘yicha uy qamog‘ida ushlab turishning qonunan yo‘l qo‘yiladigan olti oylik muddati tugaydi, bu muddatni uzaytirish qonun bilan nazarda tutilmagan.

Ehtiyot chorasini tanlash bo‘yicha sud majlisi 5 dekabr kuni Pskov shahar sudida bo‘lib o‘tadi. Lev Shlosberg o‘z aybini tan olmayapti.

5 noyabr kuni Pskov sudi Lev Shlosbergni “chet el agenti” sifatida o‘z majburiyatlarini bajarmaslikda aybdor deb topib, uni 420 soat majburiy jamoat ishlari jazosiga hukm qilgan edi.

Unga nisbatan “armiyani takroran obro‘sizlantirish” ishini qo‘zg‘atishga “Jivoy gvozd” kanalida efirga uzatilgan, tarixchi Yuriy Pivovarov bilan debatlar videosi sabab bo‘lgan. Ushbu debatda Shlosberg Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida darhol o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan. Bu ish bo‘yicha muxolifatchiga besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi xavf solmoqda.

Lev Shlosberg — Rossiyada qolib, urushga ochiq qarshi chiqishda davom etayotgan kam sonli taniqli rus siyosatchilaridan biri.

Mavzuga oid