31-avgust kuni Nyu-Yorkda bir ayol sumkasidan ikkita katta oshxona pichogʻini olib, hech qanday koʻzga koʻrinarli sababsiz oʻtkinchilarga hujum qildi. Nyu-York politsiyasi komissari Jessika Tish soʻzlariga koʻra, ikkala hujum ham taxminan 20 soniya ichida sodir boʻlgan.
Sisneros avvaliga Rod-Aylenddan kelgan 68 yoshli sayyohning qorniga pichoq urgan. Erkak metrodan chiqib, xotini bilan yoʻlning narigi tomoniga oʻtish uchun turgan edi. Shundan soʻng ayol darhol Erin Piachentining qorniga pichoq sanchdi. Nyu-Jersi shtatining Chester shahrida yashagan 32 yoshli ayol shifoxonada vafot etdi. Erkak shifoxonaga yotqizilgan, uning ahvoli barqaror.
Piachenti Nyu-Yorkdagi Bank of America ofisida Biznesni tanlash va mojarolar (Business Selection and Conflicts) yoʻnalishi boʻyicha vitse-prezident boʻlib ishlagan.
Politsiyachilar hujumchini qurshab olib, taxminan toʻrt daqiqa davomida pichoqlarni tashlashni talab qilishdi. Tishning aytishicha, Sisneros: «Men hech narsani tashlamayman. Yaxshisi, ikkalangizni ham oʻldiraman», deb javob bergan va «Men sizlarni oʻldiraman», deb takrorlayvergan. Elektroshokerlar ishlamagan. Ayol politsiyachilarga pichoq bilan tashlanganida, ikki ofitser oʻt ochgan. Sisneros ham oʻsha shifoxonada jon bergan.
Politsiya hujumni tasodifiy va sababsiz deb taʼriflamoqda. Hujumchi va qurbonlar oʻrtasida hech qanday aloqa yoʻq. Tishning soʻzlariga koʻra, terakt alomatlari ham mavjud emas. Hujum sababi hozircha aniqlanmagan.
Sisneros haqida quyidagilar maʼlum: u Kvinsda yashagan, Nyu-York politsiya departamenti (NYPD) maʼlumotlar bazasida sudlangani qayd etilmagan. Shu bilan birga, politsiyada uning ruhiy holati bilan bogʻliq 2018 va 2019-yillarga oid murojaatlar qayd etilgan. Bu holatlar boʻyicha qoʻyilgan tashxis va tafsilotlar rasman oshkor qilinmadi.







