Uchqoʻrgʻon tumanidagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida yuz bergan voqeani oʻrganish, masʼullarning xizmat vazifasiga loyiqligini koʻrib chiqish boʻyicha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan ishchi guruh tuzildi. Vazirlik holat yuzasidan rasmiy munosabat berdi.

Munosabatda voqeaga aloqador hamda oʻz ishiga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan tizimdagi barcha xodimlar va mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli tashkilotlar vakolati doirasida zarur choralar koʻrilishi, aybdorlar jazolanishi bildirilgan. 

“Taʼlim tashkilotining voqeaga daxldor, deb gumon qilingan xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan”, deyiladi vazirlik munosabatida.

Qoʻshimcha qilinishicha, bu kabi salbiy holatlar boshqa bogʻchalarda ham takrorlanmasligi uchun vazirlikning maxsus ishchi guruh aʼzolari tomonidan hozirda barcha davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlari tekshirilmoqda.

Avvalroq Uchqoʻrgʻon tumanidagi davlat bogʻchasida 5 yoshli qizaloq 52 yoshli xoʻjalik ishlari boʻlimi mudiri tomonidan zoʻrlab kelingani xabar qilingandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Gumonlanuvchi ushlangan va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Bogʻcha direktori holatni oʻrgangan Kun.uz muxbiriga “voqea sodir boʻlgan kuni mehnat taʼtilida boʻlganini” aytgandi.