Pokistonda fojia: önlab öquvçilar halok böldi

Pokiston şimoli-ğarbidagi Peşovar şahrida joylaşgan xususiy maktab tomi qulab tuşişi oqibatida kamida 33 öquvçi va bir öqituvçi halok böldi. Şuningdek, öndan ortiq kişi jarohatlangan, ulardan ayrimlarining ahvoli oğir ekani aytilmoqda.

Favqulodda xizmatlar maʼlumotiga köra, hodisa payşanba kuni ertalab – darslar boşlanganidan köp ötmay «Al-Xayr» xususiy maktabida yuz bergan. Uç qavatli binoning eng yuqori qavatidagi sinfxona tomi qulab, pastki ikki qavatning şiftlarini ham bosib qolgan. Falokat joyida 100 dan ortiq öquvçi bölgan.

Maktab juda tor köçada joylaşgani sababli qutqaruvçilarning voqea joyiga borişi va jarohatlanganlarni şifoxonaga taşiş qiyin keçdi. Mahalliy aholi vakillari yordamga çiqib, qöl kuçi bilan vayronalar ostidan 20 dan ortiq bolani olib çiqqan.

Peşovar politsiyasiga köra, vaqtinçalik asosda qurilgan bino sifatsiz tom plitalaridan iborat bölgan va meyoridan ortiq yuklamani kötara olmagan. Hozirda maktab egasi hibsga olingan, quriliş qoidalarining buzilişi böyiça tergov boşlangan. Rasmiylar hududdagi barça maktablarda xavfsizlik auditini ötkazişni buyurdi.

Sönggi oylarda Pokistonda xavfsizlik talablariga rioya qilmaslik ortidan bir qator fojialar kuzatildi: iyun oyida Lahor yaqinidagi öquv markazi tomi qulab, 14 nafar bola vafot etgandi. Avgustda Islomoboddagi şifoxonada yonğin çiqqan va signalizatsiyalar işlamagan, oqibatda 14 nafar çaqaloq vafot etgandi.

Tesla’dan «uçar» maşina

Tesla kompaniyasi töqqiz yildan beri kutilayotgan yangi Roadster sport avtomobilini namoyiş etdi. Taqdimot 15-oktabr kuni Texasdagi SpaceX sinov maydonida bölib ötdi.

Roadster avval tik yurib teskari holatga ötadigan rampada harakatlandi. Bunga avtomobil tagidagi havoni sörib, vakuumga yaqin holat hosil qiladigan ventilyatorlar yordam bergan. Söng u reaktiv qurilmalar yordamida harakatlanib turgan paytda yerdan kötarildi. Keyin u bir neçta yuk maşinasi va oddiy maşinalar ustidan uçib ötdi. Tesla maʼlumotiga köra, avtomobilda 10 ta reaktiv qurilma bor. Ular uçun 250 kilogrammgaça siqilgan havo saqlaydigan ikkita 300 litrli bak örnatilgan.

Namoyişda Roadster 0,8 soniyada soatiga 97 kilometr (60 milya) tezlikka çiqdi. Avtomobilning uçala versiyasi bir marta quvvatlantirişda taxminan 480 kilometr yura oladi. Eng yuqori tezligi soatiga 370 kilometrdan oşadi.

Avtomobil narxi eʼlon qilinmadi. Işlab çiqariş 2028-yilda boşlanadi. Performance versiyasiga buyurtma beriş uçun 50 ming dollar, reaktiv qurilmali Thrust versiyasiga 250 ming dollar oldindan tölov talab qilinmoqda. Töliq uçiş tizimiga ega bir örinli Rocket versiyasi esa faqat taklif asosida sotiladi.

Adanga raketa zarbasi

Yamandagi husiylar 15-oktabr kuni mamlakat janubidagi Adan şahrida joylaşgan Al-Maaşiq prezident saroyi majmuasiga raketa va dronlar bilan zarba berdi. Yaman soğliqni saqlaş vazirining maʼlum qilişiça, hujumda beş kişi halok bölgan, 16 kişi yaralangan. Qurbonlar orasida qöriqçilar va hukumat xizmatçilari bor.

Saroy Saudiya Arabistoni qöllab-quvvatlaydigan va xalqaro miqyosda tan olingan Yaman hukumatining qarorgohi hisoblanadi. Reuters’ning yozişiça, husiylar hozirgi mojaro davomida bu saroyga ilk bor hujum qilmoqda. Axborot vazirining sözlariga köra, boş vazir va hukumat aʼzolari omon qolgan.

Husiylarning harbiy vakili ular Adanda «Saudiya Arabistonining harbiy operatsiyalar ştabi»ni nişonga olganini aytdi.

Şu kuni Saudiya boşçiligidagi koalitsiya vakili Turki al-Malikiy husiylar oktabr boşidan beri Riyoddagi xalqaro aeroportga 20-marta hujum qilganini maʼlum qildi. Uning sözlariga köra, bu hujumlarda 17 kişi halok bölgan, 333 kişi yaralangan.

Eron qöllaydigan husiylar va Saudiya qöllaydigan Yaman hukumati kuçlari örtasidagi janglar şu yil sentabrda qayta boşlangandi. Mojaro 2026-yil fevralda AQŞ va Isroilning Eronga zarbalari bilan boşlangan keng mintaqaviy uruşning bir qismiga aylanib ketdi.

Oregondagi maktabda otişma

15-oktabr kuni AQŞning Oregon ştatidagi Bend şahrida 16 yoşli ösmir boşlanğiç maktabga bostirib kirib, tört kişini otib öldirdi. Mahalliy politsiya maʼlumotiga köra, öldirilganlar orasida 5, 8 va 11 yoşli bolalar hamda bir öqituvçi bor. Yana ikki kişi oğir ahvolda şifoxonaga yotqizilgan.

Politsiya boşliğining aytişiça, hujumçi qulflangan eşiklarni öqqa tutib, maktabga kirgan. Bundan oldin u avtomobilda ketayotgan bir kişiga qarata bir neça marta öq uzgan. U 16 yoşda ekanidan boşqa maʼlumot berilmadi.

Maʼlum bölişiça, hujumçining maktabga kirayotganini körgan mahalliy aholi vakili uning ortidan borib, otib öldirgan. Rasmiylar hujumçini töxtatgan fuqaroning ham ismini oçiqlamadi, lekin unga minnatdorlik bildirdi.

AQŞda maktablardagi otişmalar tez-tez takrorlanadi. Mamlakatda fuqarolarning qurol saqlaş huquqi Konstitutsiya bilan himoyalangan. Şu sababli har bir otişmadan keyin qurol haqidagi qonunlar böyiça bahslar qayta avj oladi.

Tramp jonli efirdagi qatlni bekor qildi

AQŞ prezidenti Donald Tramp sobiq armiya mayori Nidal Hasanning qatl jarayonini jonli efirda uzatiş rejasini bekor qildi.

Tramp öz postida qatl belgilangan vaqtda amalga oşirilişini, ammo köplab yaxşi insonlar bu jarayonni ekran orqali körişni istamasligini taʼkidlab, translyatsiya bölmasligini bildirdi. Qurbonlarning oila aʼzolari esa jarayonni bevosita kuzatişlari mumkin böladi.

Pentagon rahbari Pit Hegset 3-dekabr kuni otuv guruhi tomonidan amalga oşiriladigan qatlni töğridan töğri namoyiş etişni rejalaştirgandi. Jahon tajribasida hali heç bir davlat sud hukmi bilan boğliq qatlni jonli efirda uzatmagan. Biroq bu taşabbus respublikaçilar, demokratlar, diniy yetakçilar va jamoatçilikning keskin eʼtiroziga sabab böldi. Oq uy rasmiylariga köra, Tramp va uning maslahatçilari bu rejadan avvaliga bexabar bölgan.

Bu holat Tramp va uning yaqin ittifoqçisi Hegset örtasidagi ilk oçiq kelişmovçilik. Ammo Pentagon matbuot kotibi ikki rahbarning fikri «töliq hamohang» ekanini maʼlum qildi.

Maʼlumot uçun, sobiq harbiy psixiatr Nidal Hasan 2009-yilda Texasdagi hujumda 13 nafar qurolsiz askarni otib öldirgan va 32 kişini yaralagandi. Öşanda uning özi ham öq yeb, belidan pastki qismi şol bölib qolgan.

Xitoy-KXDR köprigi oçildi

15-oktabr kuni Xitoyning Dandun şahri va Şimoliy Koreyaning Sinidju şaharlarini boğlaydigan, uzunligi 3 kilometr bölgan köprik rasman oçildi.

Köprik 2014-yilda qurib bitkazilgandi. Biroq Şimoliy Koreya öz hududidagi yöllar va bojxona majmuasini oxiriga yetkazmagani uçun u şu paytgaça işlatilmagan. Şu vaqtgaça yuklarning aksariyati yuqori oqimdagi eski, 83 yillik köprik orqali taşib kelingan.

Köprikning oçilişi Pekin va Pxenyan örtasidagi munosabatlar iliqlaşayotganining navbatdagi belgisi böldi. Sönggi bir yilda ikki davlat rahbarlari ikki marta uçraşgandi.

Şunga qaramay, tahlilçilar Şimoliy Koreya Xitoyga haddan ortiq qaram bölib qolişdan ehtiyot bölayotganini taʼkidlamoqda. Tahlilçilarga köra, köprik savdoni birdaniga oşirib yubormaydi, ammo u Şimoliy Koreyaga oğir texnika, xomaşyo va energiya mahsulotlari yetkazişni osonlaştiradi.

Xitoy BMT sanksiyalariga qaramay, Şimoliy Koreyaning eng yirik savdo hamkori bölib qolmoqda.